Toshkentda “Pekin+30” milliy forumi: gender tenglik va ayollar huquqlari muhokama markazida
2025-12-13 12:10:00 / Yangiliklar

Milliy forum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro hamkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Forum milliy darajada ochiq muloqot maydoniga aylanib, gender siyosatining dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berdi.
Tadbir davomida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining O‘zbekistonda amalga oshirilishi natijalari tahlil qilindi. Xususan, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va tadbirkorlik sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlar qayd etildi. Shu bilan birga, raqamli transformatsiya, iqlim o‘zgarishi va mehnat bozoridagi yangi chaqiriqlar sharoitida gender tenglikni ta’minlash masalalari kun tartibiga qo‘yildi.
Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i S. Davlatova ham ishtirok etdi. U o‘z chiqishida jamiyatda gender tenglikni ta’minlash millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik va inson huquqlarini himoya qilish bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Muhokamalar jarayonida davlat va jamoat institutlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha huquqiy va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi. Shuningdek, OAVning gender tenglik masalalarini yoritishdagi o‘rni alohida qayd etildi.
Forum yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va tavsiyalar ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan milliy siyosatni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.


