Yashirin iqtisodiyot: tahlil va taklif
2025-11-15 13:40:00 / Yangiliklar

Tadqiqotlar va kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, yashirin iqtisodiyotning ko‘lami rivojlangan mamlakatlarda birmuncha kamroq, rivojlanayotgan, shuningdek, bozor iqtisodiyotiga o‘tish maqsadida chuqur islohotlarni amalga oshirayotgan sobiq ittifoq mamlakatlarda kengdir. Shu boisdan yashirin iqtisodiyotning mohiyati, vujudga kelish va rivojlanish sabablarini, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ta’sirini, uning ko‘lamlarini keskin kamaytirish, unga qarshi kurash masalalarini o‘rganish, tadqiq qilish barcha davlatlar uchun dolzarb ahamiyatga ega.
Yashirin iqtisodiy faoliyat ko‘rinmas shaklga ega bo‘lib, uning turlari doimiy o‘zgaruvchanlik, murakkablashib borish, nazorat bosqichlarni chetlab o‘tish, turli yo‘nalishlar orqali sodir etilishi kabi xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtiradi. Bu faoliyatni amalga oshirishda esa uning tarmoqlaridan biri bo‘lgan korrupsiyadan foydalanish imkoniyatlari mavjud bo‘ladi. Korrupsiya va xufiyona iqtisodiyot o‘rtasida chambarchas aloqa mavjud bo‘lib, ular ma’muriy to‘siqlardan iborat umumiy ildizlarga ega va iqtisodiy xavfsizlikka tahdid soluvchi asosiy kuchlar hisoblanadi.
Ilmiy adabiyotlarda yashirin iqtisodiyotning paydo bo‘lishi va rivojlanishida quyidagi: iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy-siyosiy omillarni e’tirof etiladi.
Bunda iqtisodiy omillar: soliq yukining yuqoriligi, mamlakat moliya tizimining inqirozi va uning iqtisodiyotga salbiy ta’siri, naqd pulning nazoratsiz aylanishi, xususiylashtirish jarayonining nomukammalligi va mamlakatda halol raqobatning mavjud emasligi. Bu kabi omillar o‘z-o‘zidan tadbirkorni soyada faoliyat yuritishga undovchi yoki majburlovchi ta’sirga ega bo‘ladi.
Ijtimoiy omillar esa: ishsizlikning yuqori darajasi, aholi turmush darajasining pastligi, aholi ishsiz qismining har qanday yo‘l bilan daromad olishga intilishi va yalpi ichki mahsulotning ijtimoiy sohalarda notekis taqsimlanishi orqali namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari jamiyatda soliq madaniyatining to‘g‘ri shakllanmaganligi yoki moliyaviy savodxonlikning past darajada bo‘lishi ham jamiyat a’zolarida no‘noq ijtimoiy-iqtisodiy fikrlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi.
Huquqiy-siyosiy omillar esa: qonunchilikning nomukammalligi, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi muammolar, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning noqonuniy va jinoiy iqtisodiy faoliyatga chek qo‘yish borasidagi vakolatlari yetarli emasligi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashni muvofiqlashtirish mexanizmining mukammal emasligi, mulk huquqining daxlsizligi to‘liq ta’minlanmaganligi, ayrim faoliyatlarda qat’iy litsenziya talablari, byurokratik to‘siqlarning ko‘pligi, savdo va mehnat bozori qoidalaridagi cheklovlardan iborat.
Ushbu omillarning bosqichma-bosqich bartaraf etilishi har qaysi mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga, korrupsiyani bartaraf etishga va mamlakatning iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Xorij tadqiqotchilari iqtisodiyotni bugungi kunda ommalashib borayotgan raqamli transformatsiyalar yordamida taraqqiy ettirish zarurligini ta’kidlab kelishadi. Xuddi korrupsiyani qisqartirishda raqamli texnologiyalarning afzalliklari va samaraliligi isbotlangani kabi, bu vaziyatda ham zamonaviy usullar va jarayonlar yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilishi mumkin.
