Qo‘ng‘irotda “Mening bag‘rikeng dunyoim” rasmlar tanlovi o‘tkazildi
2025-11-13 15:05:00 / Yangiliklar

Tanlov Qo‘ng‘irot tumani “Turon” mahallasi hududidagi 10-sonli Bolalar musiqa va kasb-hunar maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman bo‘limi rahbari U.Tileumuratova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tuman bosh mutaxassisi Y.Kalekeyev, pedagoglar, ota-onalar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishdi.
So‘zga chiqqanlar bag‘rikenglik g‘oyasi nafaqat millatlararo totuvlik, balki insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va birdamlikni mustahkamlovchi asosiy omil ekanini ta’kidladilar.
“Yoshlar qalbida bag‘rikenglik tuyg‘usini tarbiyalash – kelajakda barqaror, tinch va adolatli jamiyat qurishning eng muhim kafolatidir,” — dedi U.Tileumuratova.
Tanlov ishtirokchilari o‘z ijodiy ishlari orqali tinchlik, do‘stlik, mehr va o‘zaro hurmat g‘oyalarini tasvirlab berdilar. Har bir rasmda O‘zbekistonning millatlararo hamjihatlik muhiti, turli elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va insoniy qadriyatlar yorqin ifoda topdi.
Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar taqdirlanib, ularning ishlari tuman miqyosidagi ko‘rgazmaga tavsiya etildi.
“Bunday tashabbuslar yosh avlodda tolerantlik va tinchlik qadriyatlarini mustahkamlash, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shuvchi ijtimoiy ongni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi,” — dedi Y.Kalekeev.
“Bag‘rikenglik haftaligi” davomida Qo‘ng‘irot tumani bo‘ylab shunga o‘xshash madaniy-ma’naviy tadbirlar, suhbatlar, uchrashuvlar va ijodiy tanlovlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonda tinchlik, totuvlik va insonparvarlik siyosatini hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.





