O‘ZBEKISTONDA NOYABR OYI QANDAY BO‘LADI?
2025-10-30 16:00:00 / Ob-havo ma'lumotlari
Noyabr – kuz faslining oxirgi oyi.
Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida o‘rtacha havo harorati oktabr oyiga nisbatan 6-7 darajaga, shimolda va cho‘l hududlarda 8-9 daraja past bo‘ladi.
Kuz faslining boshidan farqli ravishda noyabr oyi uchun havo harorati keskin o‘zgarib turishi bilan ajralib turadi.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha davri uchun mutlaq maksimal harorat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida kuzatilib, 30-33 daraja iliqni va Farg‘ona vodiysida 26-28 daraja iliqni tashkil etgan.
Respublika hududining katta qismida mutlaq minimal havo harorati o‘tgan asrda kuzatilgan edi. Eng sovuq noyabr oylarida havo harorati 19-24 daraja sovuqqacha, shimolda 28-31 daraja sovuqqacha, eng chekka janubda 10-15 daraja sovuqqacha pasayishi qayd etilgan.
So‘nggi yillarda noyabr oyida bunday qattiq sovuqlar kuzatilmagan. O‘zbekiston hududining katta qismida bu asrdagi eng past 10-15 daraja sovuq harorat kuzatilgan. Bunday harorat 2016 yil va 2020 yil noyabr oylarida qayd etilgan. Bu davrda eng sovuq kunlarda termometr ustuni 0-3 iliqdan yuqori bo‘lmagan.
Ushbu asrda juda past havo harorati faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida rekord qiymatlarga yaqin bo‘ldi. 2006 va 2016-2020 yillarda havo harorati 18-21 daraja sovuqqacha, Ustyurtda 26-28 daraja sovuqqacha pasaydi.
2001-2024-yillarda noyabr oyi uchun
maksimal va minimal havo harorati
|
Meteostansiya |
20001 yil noyabr oyi uchun harorat minimumi |
2001-2024 yy. noyabr oyi uchun harorat maksimumi |
|
Toshkent |
-10,5 / 2020 |
31,6 / 2017 |
|
Karakalpakiya (Ustyurt) |
-28,4 / 2016 |
25,5 / 2006 |
|
Nukus |
-20,4 / 2016 |
27,4 / 2006 |
|
Urganch |
-18,1 / 2016 |
26,8 / 2006 |
|
Buxoro |
-14,0 / 2016 |
31,7 / 2009 |
|
Navoiy |
-14,3 / 2016 |
30,8 /2016 |
|
Samarqand |
-11,8 / 2016 |
31,5 / 2017 |
|
Jizzax |
-13,0 / 2020 |
33,4 / 2016 |
|
Sirdaryo |
-11,8 / 2016 |
31,6 / 2017 |
|
Qarshi |
-11,0 / 2020 |
33,5 / 2017 |
|
Termiz |
-10,2 / 2016 |
33,5 / 2017 |
|
Andijon |
-10,6 / 2016 |
25,8 / 2003 |
|
Namangan |
-10,4 / 2016 |
26,2 / 2003 |
|
Farg‘ona |
-9,2 / 2016 |
27,6 / 2003 |
2023 yil noyabr oyi O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng iliq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat iqlim me’yoridan 3-6 darajaga yuqori bo‘ldi.
2023 yil noyabr oyida respublika hududining katta qismida (shimoliy hududlar va cho‘l hududlardan tashqari) havo harorati manfiy qiymatlargacha pasaymadi.
Noyabr oyi o‘ziga xos xususiyati shundaki, u yilning boshqa oylariga nisbatan harorat ko‘tarilishiga kamroq moyil hisoblanadi. So‘nggi 25 yil ichida haroratning oshish tendensiyasi salbiy qiymatga ega bo‘ldi, ya’ni o‘rtacha oylik havo haroratining pasayish tendensiyasi kuzatildi.
Noyabr oyi o‘rtacha oylik harorati va uning trendi
Noyabr oyida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, vaqti-vaqti bilan qorga aylanadi) oktabr oyiga nisbatan tez-tez kuzatiladi va u davomiy va jadal bo‘ladi.
Tog‘li hududlarda birinchi qor qoplami shakllanadi. Pastki hududlarda u beqaror bo‘lib, 2000-2200 m yuqori tog‘li hududlarda qorning balandligi oy oxiriga kelib 25-40 sm ga yetadi.
2011 yil noyabr oyi respublika hududining katta qismida kuzatilgan barcha yillar uchun yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lishi qayd etilgan. O‘sha noyabr oyida yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 3-3,5 martagacha, eng chekka janubda esa oylik me’yordan 4-7 martagacha ko‘p bo‘ldi.
Masalan, Toshkentda oylik me’yor 51 mm bo‘lib, 2011 yil noyabr oyida 167 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan, ko‘p yillik me’yor 11 kun bo‘lib, ushbu yilda 19 kun yog‘ingarchilik kuzatilgan.
Yog‘ingarchilik yomg‘ir hamda qor ko‘rinishida kuzatilgan. Beqaror qor qoplami oyiga bir necha marta hosil bo‘ldi, oyning oxirida esa qor qoplami balandligi 20 sm ga yetdi, biroq bu ko‘rinishda atigi 2 kun davomida saqlanib turdi.
Termiz shahrida yog‘ingarchilik me’yori 20 mm bo‘lganda, 2011 yil noyabr oyida 148 mm yog‘ingarchilik yog‘gan.
Ammo meteorologik kuzatuvlar tarixida yog‘ingarchilik me’yorining 1 % dan 30% gacha kuzatilgan anomal quruq noyabr oylari ham qayd etilgan.
Bu yil noyabr oyi qanday bo‘ladi?
3 noyabrdan shimoliy hududlarga, 4 noyabrdan O‘zbekistonning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishni boshlaydi. 3-5 noyabrda respublika viloyatlarining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qorga aylanadi.
4-7 noyabrda havo harorati kechasi 0-3 daraja iliqqacha, ba’zi joylarda sovuqqacha, kunduzi 8-13 daraja iliqqacha asta-sekin pasayadi.
Keyinchalik noyabr oyining oxirigacha havo harorati kechasi 3 daraja sovuq-2 daraja iliqdan 5-10 daraja iliqqacha, kunduzi 8-13 daraja iliqdan 18-23 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
Noyabr oyida o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 1-1.5 daraja past bo‘lishi kutilmoqda, ba’zi joylada me’yorga yaqin bo‘ladi.
Noyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunligida (2-3 kun) yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida kutilmoqda.
