2025-yil oktabr oyi qanday o'tadi?
2025-09-30 14:50:00 / Ob-havo ma'lumotlari
Oktabr – kuz faslining o‘rtasidir.
Iqlim xususiyatlariga ko‘ra, oktabr oyida o‘rtacha oylik havo harorati sentabr oyiga nisbatan 6-7o ga, respublika shimolida 8-9o ga past bo‘ladi.
Respublika hududining katta qismida o‘rtacha kechki harorat 5-10o iliqni tashkil etadi. Kunduzgi harorat odatda 23-28o iliqdan (ayrim yillarda 30-35o qiymatiga yetadi) 10-15o iliqqacha o‘zgarib turadi.
Albatta, har yili tabiat ob-havo sharoitlariga o‘z tuzatishlarini kiritadi va ba’zida haqiqiy harorat iqlim me’yoridan sezilarli darajada farq qiladi.
Shunday qilib, oktabr oyida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida, ko‘pincha birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi.
Meteorologik kuzatuvlarning 150 yildan ortiq tarixida harorat kechalari
6-11o sovuqqacha, shimolda 10-15o sovuqqacha, Ustyurtda 22o sovuqqacha pasaygan yillar ham kuzatilgan.
Toshkentda oktabr oyida rekord darajadagi minimal harorat 11,2o sovuqni tashkil etadi, u 1909 yilda qayd etilgan.
Bunday past havo harorati o‘tgan asrda kuzatilgan. Bu asrda oktabr oyida harorat 2-4o sovuqdan pastga tushmagan, respublika shimolida 6-11o sovuqqacha, Ustyurtda 15o sovuq kuzatilgan.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari davomida oktabr oyidagi eng yuqori harorat ko‘rsatkichlari respublika hududining katta qismida 37-38o ni, mamlakat shimolida va Farg‘ona vodiysida 32-35o ni tashkil etadi.
Minimal harorat rekordlaridan farqli, O‘zbekistonning qator hududlarida maksimal harorat rekordlari shu asrda o‘rnatildi.
Iqlim me’yoriga ko‘ra, oktabr oyida 4 kundan 6 kungacha, tog‘larga yaqin joylarda 7-9 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kamdan kam hollarda esa juda qattiq sovuq kuzatilganda
(8-10 yilda bir marta) yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanadi.
Ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 13 mm dan 25 mm gachani, tog‘larda 27 mm dan 70 mm gachani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 3 mm dan 11 mm gachani tashkil etadi.
Haqiqatda, harorat tartibi bo‘yicha oktabr oyi yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha turlicha bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning barcha hududi bo‘yicha 2015 yil oktabr oyi, ushbu asrdagi eng yomg‘irli yil bo‘ldi. Toshkentda oylik yog‘ingarchilik miqdori 88 mm ni (oylik me’yordan deyarli 4 baravar ko‘p) tashkil etdi, bunda 3 kun ichida 62 mm yomg‘ir yog‘di.
Toshkentda barcha kuzatuv qatorlari uchun oktabr oyida maksimal oylik yog‘ingarchilik miqdori 1901 yilda qayd etilgan bo‘lib, u 126 mm ni tashkil etgan.
Ayrim yillarda bir oyda yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar soni 2-3 kundan oshmaydi va qator hududlarda juda kam hollarda yog‘ingarchilik kuzatilmaydigan oktabr oylari ham qayd etiladi. 2001-2024 yillar davri uchun 2020 yil oktabr oyi eng quruq bo‘lib, oy davomida hududning katta qismida quruq ob-havo saqlanib turdi.
Bu yil oktabr oyi ob-havoning keskin o‘zgarishi bilan boshlanadi.
Sentabr oyining oxirida kuzatilgan iliq ob-havodan so‘ng, 1-2 oktabr kunlari O‘zbekiston hududida ushbu mavsumdagi birinchi kuzgi sovuq kirib kelishi kuzatiladi.
Respublika shimolida, markaziy va sharqiy viloyatlarda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.
Havo harorati kunduz kunlari 18-21o gacha, kechalari 8-13o gacha, respublika shimolida kunduz kunlari 13-16o gacha, kechalari 4-5o iliqqacha pasayadi.
3 oktabr kuni faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi.
4-10 oktabrda butun respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havog harorati 5-7o ga ko‘tariladi. Kunduz kunlari havo
23-26o gacha isiydi.
Oktabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida ayrim kunlarda (2-3 kun)
ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechalari 10-15o dan 5-10o gacha
(respublika shimolida 2o sovuqqacha bo‘lishi mumkin), kunduz kunlari 23-28o dan
15-20o gacha o‘zgarib turadi.
