O‘ZBEKISTON BO‘YICHA 15-19 SENTABR KUNLARIGA OB-HAVO
2025-09-15 10:25:00 / Ob-havo ma'lumotlari
Ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi Janubiy Qozog‘iston ustidagi yuqori siklon bilan bog‘liq bo‘lgan salqin va nam havo massalari ta’siri ostida bo‘ladi.
Bugun kunning birinchi yarmida Navoiy viloyati shimolida, kechga tomon, ertaga kechasi va ertalab Toshkent viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 16 sentabr kechqurundan 19 sentabr ertalabgacha tanaffus bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda butun ish haftasi davomida tanaffus bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. 16 sentabr kuni ayrim tog‘li hududlarda yomg‘ir kuchli yog‘adi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.
Havo harorati asta-sekin pasayadi va hafta o‘rtasiga kelib 20-25 darajani tashkil etadi. 19 sentabrdan salqin havo massalari respublikamiz hududidan chekina boshlaydi va harorat 2-3 darajaga ko‘tariladi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda: asosan yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 15 sentabrda kechqurun, 16 sentabrda kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol shimoli-sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzi havo harorati: bugun 27-29 daraja bo‘ladi, 16-18 sentabrda 20-25 darajagacha pasayadi, 19 sentabrda 25-27 daraja bo‘ladi.
O‘zgidromet
2025 yil 15 sentabr
