2025-YIL IYUL OYI OB-HAVO SHAROITI BO‘YICHA QANDAY BO‘LDI
2025-08-05 13:30:00 / Ob-havo ma'lumotlari
Iqlim xususiyatlari bo‘yicha yoz faslining eng issiq oyi - iyul oyi tugadi. Ushbu yilda ham bu oy issiq bo‘ldi.
O‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 1-3 daraja yuqori bo‘ldi.
O‘zbekiston hududining katta qismida, shimoli-g‘arbiy hududlardan tashqari, 2025 yil iyul oyi eng issiq iyul oylari uchligiga kirdi, bir qator hududlarda esa barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq bo‘ldi.
O‘rtacha bir kecha-kunduzlik havo haroratining me’yordan og‘ishi
Deyarli oy davomida havo harorati barcha joylarda iqlim me’yoridan yuqori bo‘lib, kunduz kunlari havo 38-41 darajagacha, eng issiq kunlarda esa 42-44 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 45-48 darajagacha isidi.
Respublikaning ayrim hududlarida 2025 yil iyul oyida maksimal havo harorati meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun rekord bo‘ldi yoki o‘tgan yillarda o‘rnatilgan rekordlarni takrorladi.
|
Meteostansiya |
2025 yil iyul oyi maksimal harorati (oS) |
O‘tgan barcha kuzatuv yilari uchun mutlaq maksimum (oS) |
|
Toshkent |
43,5 |
44,6 /1997 |
|
Nukus |
43,5 |
46,0 /2018 |
|
Mo‘ynoq (Orol bo‘yi) |
44,7 |
46,5 /2019 |
|
Urganch |
43,5 |
45,5 /2018 |
|
Buxoro |
45,5 |
46,0 /1997 |
|
Navoiy |
45,5 |
45,9 /2021 |
|
Moshiquduq (Qizilqum cho‘li) |
47,0 |
49,7 /1983 |
|
Samarqand |
42,3 |
42,4 /1983 |
|
Jizzax |
41,2 |
43,9 /1914 |
|
Sirdaryo |
43,4 |
45,0 /1944 |
|
Qarshi |
44,8 |
47,4 /1944 |
|
Muborak (dasht hududi) |
48,0 |
48,6 /1944 |
|
Termiz |
45,8 |
48,6 /1914 |
|
Andijon |
41,0 |
41,7 /1953 |
|
Namangan |
42,6 |
42,4 /1921 |
|
Farg‘ona |
41,4 |
42,4 /1944 |
Eng qulay harorat sharoitlari qisqa davrda oyning ikkinchi o‘n kunligi boshida va oy oxirida qayd etilib, bunda kunduz kunlari havo harorati 32-36 darajadan yuqori bo‘lmadi.
Respublika hududining katta qismida 2025 yil iyul oyida 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan haroratli kunlar soni ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatichlardan nisbatan deyarli ko‘p bo‘ldi.
Bunday yuqori haroratli kunlarning eng ko‘p soni respublika janubidagi ayrim hududlarda 18 kundan 24 kungacha kuzatildi.
Toshkentda 2025 yil iyul oyi havo harorati 40 daraja va undan yuqori
(11 kun) bo‘lgan kunlar soni bo‘yicha 2018 va 2022 yillarning iyul oylari bilan bir qatorda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu reytingda birinchi o‘rinni 2019 yil iyul oyi egalladi, bunda ketma-ket 14 kun davomida Toshkentda havo harorati ekstremal yuqori - 40 darajadan 42,5 darajagacha bo‘lgan qiymtlarga yetgan edi.
2025 yil iyul oyida O‘zbekistonning turli hududlarida
maksimal havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni
(o‘rtacha va maksimal qiymatlarga nisbatan)
Respublikaning ayrim hududlarida 2025 yil iyul oyida havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng maksimal (masalan: Navoiyda 17 kun, Farg‘onada 7 kun) bo‘ldi.
Iyul oyi quruq bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida o‘tgan iyul oyida yomg‘ir umuman yog‘madi.
Faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida, Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida 1-2 ta qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi holatlari kuzatildi. Bunda bir kecha-kunduz uchun yog‘ingarchilik miqdori 8-13 mm ga yetdi.
Iyul oyining quruq bo‘lishi O‘zbekiston hududi uchun odatiy holdir. Biroq, iyul oyi ketma-ket yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatilgan to‘rtinchi oy (2025 yil apreldan boshlab) bo‘ldi.
