2025-YIL BAHOR MAVSUMI
2025-06-10 16:00:00 / Ob-havo ma'lumotlari
O‘zbekiston bo‘yicha 2025 yil bahor mavsumi iqlim me’yoridan ancha iliqroq bo‘ldi.
Hududning katta qismida bahorning o‘rtacha harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 3-3,8 darajaga yuqori bo‘ldi. Faqat Surxondaryo viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida haroratning me’yordan og‘ishi 2-2,5 daraja atrofida bo‘ldi.
O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha 2025 yil bahori eng iliq bahor fasllari uchligiga kirdi.
Respublikaning ko‘pchilik hududlarida (shu jumladan, Toshkentda) bu yilning bahor fasli O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq bahor fasli bo‘ldi .
Bahorning birinchi oyi iqlim me’yoriga (ko‘p yillik me’yorlarga) eng yaqin bo‘lib, mart oyining o‘rtacha harorati me’yordan 1-2 darajaga yuqori bo‘ldi.
Aprel va may oylarida o‘rtacha oylik havo harorati me’yoriy qiymatlardan 2,5-5 darjaga yuqori bo‘lishi qayd etildi.
Mavsum davomida sovuq to‘lqinlar kam, atigi 3-4 marta kuzatildi.
Haroratning me’yordan 5-7 darajaga pasayishida eng kuchli sovuq to‘lqin mart oyining birinchi besh kunligida kuzatildi. Eng sovuq kechalarda (3-4 mart) havo harorati hududning katta qismida 3-8 daraja sovuqqacha, shimolda 12-17 daraja sovuqqacha, Ustyurtda 23-24 daraja sovuqqacha pasaydi.
Uch oy ichida eng issiq, hatto yoz faslidagiga o‘xshash issiq davrlarda ham maksimal havo harorati ekstremal qiymatlarga yaqinlashdi:
* mart oyida 25-30 daraja, janubda 31-35 daraja;
* aprel oyida 34-37 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududida 38-39 daraja;
* may oyida 37-40 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 41-43 daraja, Qizilqum cho‘lining g‘arbida 45 daraja bo‘lishi kuzatildi.
Bir qator hududlarda aprel va may oylaridagi maksimal harorat rekordlari yangilandi.
Aprel va may oylarida yog‘ingarchilik kam kuzatilganligi o‘tgan bahorning o‘ziga xos xususiyatidan biri bo‘ldi.
Mart oyida respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilikning umumiy miqdori oylik me’yor atrofida va undan kam bo‘ldi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik oylik me’yordan 1,2-1,7 marta ko‘p yog‘di.
Mart oyining boshlarida yomg‘ir qorga aylanish holatlari kuzatilib, bu davrda hududlarda qisqa muddatga qor qoplamlari shakllandi. Mart oyining oxiriga kelib qor qoplami faqat respublikaning tog‘li hududlarida saqlanib turdi.
Umuman olganda, bahor juda quruq bo‘lishi kuzatildi. O‘zbekiston hududining katta qismida bahor fasli uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 8 foizdan 65 foizgachani tashkil etdi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida mavsumiy yog‘ingarchilik miqdori me’yorga yaqin bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, 2024-2025 yillarning qish mavsumida ham O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatilgan.
