O‘ZBEKISTONDA 2026-YIL OKTABR OYI QANDAY BO‘LDI
2026-11-09 12:35:00 / Ob-havo ma'lumotlari

Harorat tartibi
2026-yil oktabr oyi respublika hududining katta qismida iliq harorat bilan tavsiflandi. Oyning aksariyat qismida havo harorati me’yoriy qiymatlardan yuqori bo‘ldi. Faqat oyning birinchi o‘n kunligi o‘rtalarida hamda uchinchi o‘n kunligida qisqa muddatli sovish kuzatilib, harorat me’yordan past bo‘ldi.
Respublika hududining katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 1-2,2 darajaga yuqori bo‘ldi. Shimoliy va cho‘l hududlarida, shuningdek, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining ayrim joylarida harorat me’yor atrofida kuzatilib, 12-17 darajani, janubiy hududlarda esa 18-21 darajani tashkil etdi.
Oy davomida kunduzgi havo harorati, asosan, 23-28 daraja atrofida bo‘ldi. Eng iliq kunlarda harorat 30-32 darajagacha, janubiy hududlarda esa 34-36 darajagacha ko‘tarildi. Salqin havo oqimlari kirib kelishi natijasida ayrim kunlarda kunduzgi harorat 15-20 darajagacha pasaydi.
Eng salqin kechalarda havo harorati 1-6 daraja iliqqacha, janubiy hududlarda esa 7-11 daraja iliqqacha pasaydi. Oyning uchinchi o‘n kunligida respublikaning shimoliy va cho‘l hududlarida havoda 1-3 daraja sovuq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida esa 4-6 daraja sovuq kuzatilib, ilk kuzgi sovuqlar qayd etildi.
O‘rtacha oylik havo haroratining me’yordan og‘ishini taqsimlanish xaritasi
Yog‘ingarchilik tartibi
2026-yil oktabr oyida respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik miqdori me’yoriy qiymatlardan kam bo‘ldi. Yog‘ingarchilik, asosan, oyning dastlabki besh kunligida ayrim kunlarda, 11-12 oktabr hamda 28-29 oktabr kunlari kuzatildi.
Yog‘ingarchilik miqdori, asosan, kam va o‘rtacha darajada bo‘lib, bir kecha-kunduzdagi miqdori aksariyat hududlarda 0,0 –12 mm ni tashkil etdi.
Eng jadal yog‘ingarchilik 1-2 oktabr kunlari Toshkent, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida, shuningdek, 5-oktabr kuni Farg‘ona viloyatining tog‘li hududlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda bir kecha-kunduzda 15 –39 mm yog‘ingarchilik kuzatildi.
Xorazm viloyatida 11-oktabr kuni 16-26 mm miqdorida yomg‘ir yog‘di. Bu ko‘rsatkich meteorologik kuzatuvlar tarixida oktabr oyida qayd etilgan bir kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha rekord natija bo‘ldi.
Umuman olganda, oy davomida respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik miqdori 11-45 mm ni, Toshkent viloyatining tog‘li hududlaridagi ayrim joylarda esa 49-97 mm ni tashkil etdi.
Oylik yog‘ingarchilik miqdorining me’yorga nisbatan foizlarda taqsimlanishi xaritasi
Eng kam yog‘ingarchilik (0,0-10 mm) Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasining aksariyat tumanlarida, Qashqadaryo, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida, shuningdek, Toshkent, Jizzax va Buxoro viloyatlarining ayrim joylarida kuzatildi.
O‘zbekiston hududining katta qismida oktabr oyidagi yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan kam (0-75 foizini) tashkil etdi. Shu bilan birga, Farg‘ona vodiysida, Buxoro va Navoiy viloyatlarining aksariyat tumanlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Qashqadaryo viloyatining ayrim joylarida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 1,1-3,4 barobar ko‘p bo‘ldi.
Xorazm viloyatida esa oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 5-6 barobar yuqori bo‘ldi. Natijada 2026-yil oktabr oyi mazkur viloyatda butun meteorologik kuzatuvlar davridagi eng seryog‘in oktabr oyi sifatida qayd etildi.
29-oktabr kuni Oygaing qor ko‘chkisi stansiyasi (QKS) hududida joriy mavsumning dastlabki qor qoplami hosil bo‘ldi. Qalinligi 4 sm ni tashkil etgan qor qoplami qisqa muddat saqlandi.
13-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida sel va suv toshqini hodisalari qayd etildi.
