O‘ZBEKISTONDA USHBU YILNING NOYABR OYI QANDAY BO‘LADI ?
2026-10-28 09:10:00 / Ob-havo ma'lumotlari

Harorat tartibi
Noyabr kuz fasliga yakun yasaydi. Oy davomida havo harorati asta-sekin pasayishda davom etadi, bu esa qish mavsumiga o‘tish jarayonini aks ettiradi.
Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida o‘rtacha havo harorati oktabr oyiga nisbatan 6-7 darajaga, shimolda va cho‘l hududlarda 8-9 daraja past bo‘ladi.
Oy davomida shimoliy va shimoliy-g‘arbiy yo‘nalishlardan kirib keluvchi sovuq havo massalarining ta’siri kuchayadi, shu sababli havoni keskin sovib ketish ehtimoli sezilarli darajada oshadi.
Noyabr oyining iqlim sharoiti mamlakat hududi bo‘yicha sezilarli darajada farq qiladi: janubda ancha yumshoq harorat tartibi saqlanib turadi, shimoliy huudlarda esa sovuq odatda ertaroq boshlanadi va kuchliroq namoyon bo‘ladi. Tekislik va tog‘li hududlar o‘rtasidagi harorat tafovuti ancha kuchayadi.
Noyabr oyining harorat tartibi sezilarli darajada o‘zgaruvchanligi bilan ajralib turadi: nisbatan iliq ob-havo davrlari haroratning keskin pasayishi bilan birga keladigan sovuq havo oqimlarining kirib kelishi bilan almashishi mumkin.
Respublika hududining katta qismida havo haroratining absolyut minimumi o‘tgan asrda kuzatilgan. Eng sovuq noyabr oylarida havo harorati 19-24 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘istonRespublikasining shimolida 28-31 daraja sovuqqacha, eng janubiy hududlarda esa 12-15 daraja sovuqqacha pasaygan.
Ushbu asrda O‘zbekiston hududining katta qismida minimal havo harorati 10-15 daraja sovuqni tashkil etdi. Bunday haroratlar 2020 va 2016 yillarning noyabr oylarida qayd etilgan. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham ushbu asrda tarixiy kuzatuvlar qatoridagi rekord qiymatlarga yaqin bo‘lgan juda past havo haroratlari kuzatildi. 2006 va 2016-yillarda noyabr oyida havo harorati 18-21 daraja sovuqqacha, Ustyurtda esa 26-28 daraja sovuqqacha pasaygan.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha davri uchun mutlaq maksimal harorat 30-33 daraja iliqni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona vodiysida 26-28 daraja iliqni tashkil etadi. Respublika hududining katta qismida bu rekordlar ushbu asrda kuzatilgan.
Maksimal va minimal havo harorati
2023 yil noyabr oyi O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng iliq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat iqlim me’yoridan 3-6 darajaga yuqori bo‘ldi.
2023 yil noyabr oyida respublika hududining katta qismida (shimoliy hududlar va cho‘l hududlardan tashqari) havo harorati manfiy qiymatlargacha pasaymadi.
Trend aks ettirilgan holda noyabr oyining o‘rtacha oylik harorati
So‘nggi 50 yil ichida Toshkent shahrida noyabr oyining o‘rtacha harorati musbat, ammo nisbatan kuchsiz o‘sish trendiga ega. Noyabr oyida o‘rtacha oylik havo harorati o‘sishining chiziqli trendi o‘n yillik uchun taxminan 0,14°C ni tashkil etadi.
Yog‘ingarchilik bo‘lishi tartibi
Noyabr oyida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, vaqti-vaqti bilan qorga aylanadi) oktabr oyiga nisbatan tez-tez kuzatiladi va u davomiy va jadal bo‘ladi.
Hududning katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdori 30 mm dan 55 mm gachani, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 60 mm dan 110 mm gachani tashkil etadi.
Ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori respublikaning shimoli-g‘arbiy tumanlari va cho‘l zonasida eng kam - 8 mm dan 17 mm gacha, Farg‘ona vodiysining ba’zi joylarida va respublika janubining ayrim hududlarida esa 20 mm dan 30 mm gacha yog‘adi.
Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘adi, sovish davrlarida esa qorga aylanadi.
Tog‘li hududlarda birinchi qor qoplami shakllanadi. Pastki hududlarda u beqaror bo‘lib, 2000-2200 m yuqori tog‘li hududlarda qorning balandligi oy oxiriga kelib 25-40 sm ga yetadi.
2011 yil noyabr oyi respublika hududining katta qismida kuzatilgan barcha yillar uchun yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lishi qayd etilgan. O‘sha noyabr oyida yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 3-3,5 martagacha, eng chekka janubda esa oylik me’yordan 4-7 martagacha ko‘p bo‘ldi.
Masalan, Toshkentda oylik me’yor 51 mm bo‘lganda, 2011-yil noyabr oyida 167 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan, ko‘p yillik me’yor 11 kun bo‘lib, ushbu yilda 19 kun yog‘ingarchilik qayd etilgan.
Yog‘ingarchilik yomg‘ir hamda qor ko‘rinishida kuzatilgan. Beqaror qor qoplami oyiga bir necha marta hosil bo‘ldi, oyning oxirida esa qor qoplami balandligi 20 sm ga yetdi, biroq bu ko‘rinishda atigi 2 kun saqlanib turdi.
Termiz shahrida yog‘ingarchilik me’yori 20 mm bo‘lganda, 2011-yil noyabr oyida 148 mm yog‘ingarchilik yog‘gan.
Ammo meteorologik kuzatuvlar tarixida yog‘ingarchilik me’yorining 1 % dan 30% gacha kuzatilgan anomal quruq noyabr oylari ham qayd etilgan.
2026 yil noyabr oyi qanday bo‘lishi prognoz qilinmoqda?
Noyabr oyida o‘rtacha oylik havo harorati me’yor atrofida, ba’zi joylarda esa me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Oyning birinchi o‘n kunligi nisbatan iliq bo‘lib, harorat asosan kechalari 5-10 daraja iliq, kunduz kunlari 17-22 daraja iliq bo‘ladi.
Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat fon pasayadi, harorat kechalari 3-8 daraja iliqdan 2 daraja sovuq-3 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 15-20° daraja iliqdan 5-10 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
Oyning ayrim kunlarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Harorat pasaygan davrlarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi ham istisno emas.
Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
