O‘ZBEKISTONDA OKTABR OYI ODATDA QANDAY KECHADI?
2026-09-28 15:20:00 / Ob-havo ma'lumotlari

Harorat tartibi
Oktabr — kuz faslining o‘rtasi. Bu oyda sentabrda boshlangan havo haroratining pasayishi davom etadi. Iqlimiy xususiyatlarga ko‘ra, oktabrda o‘rtacha oylik havo harorati sentabrga nisbatan 6-7 darajaga, respublikaning shimoliy hududlarida esa 8-9 darajaga past bo‘ladi.
Oktabrda tungi havo harorati odatda 12-17 daraja iliqdan 2-7 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Oyning ikkinchi yarmida, shimoliy hududlarda esa undan ham oldinroq, ba’zan dastlabki kuzgi sovuqlar kuzatiladi.
150 yildan ortiq meteorologik kuzatuvlar tarixida tungi havo haroratining 6-11 daraja sovuqqacha, shimoliy hududlarda 10-15 daraja sovuqqacha, Ustyurtda esa 22 daraja sovuqqacha pasaygan yillari ham qayd etilgan. Bunday past haroratlar ancha oldin — o‘tgan va undan oldingi asrlarda kuzatilgan. Joriy asrda oktabr oyida havo harorati 2-4 daraja sovuqdan, respublikaning shimoliy hududlarida 6-11 daraja sovuqdan, Ustyurtda esa
15 daraja sovuqdan pastga tushmagan.
Toshkentda oktabr oyi uchun eng past harorat rekordi 11,2 daraja sovuqni tashkil etib, u 1909 -yilda qayd etilgan.
Kunduzgi havo harorati odatda 23-28 daraja iliqdan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Meteorologik kuzatuvlarning butun davri mobaynida oktabr oyidagi eng yuqori harorat ko‘rsatkichlari respublika hududining katta qismida 33-38 daraja iliqni tashkil etgan.
Minimal harorat rekordlaridan farqli ravishda, O‘zbekistonning qator hududlarida maksimal harorat rekordlari joriy asrda o‘rnatilgan.
Yog‘ingarchilik tartibi
Iqlimiy me’yorga ko‘ra, oktabrda yomg‘ir 4-6 kun, tog‘larga yaqin hududlarda 7-9 kun, respublikaning eng chekka janubiy hududlarida
esa 1-3 kun yog‘adi.
Ko‘p yillik o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 13-25 mm, tog‘larda
27-70 mm, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 3-11 mm ni tashkil etadi.
Amalda esa oktabr oyida yog‘ingarchilik miqdori yildan yilga keskin farq qilishi mumkin.
Joriy asrda O‘zbekistonning barcha hududlarida eng ko‘p yog‘ingarchilik 2015-yil oktabr oyida kuzatilgan. O‘shanda Toshkentda oylik yog‘ingarchilik miqdori 88 mm ni tashkil etgan, bu oylik me’yordan 4 barobar ko‘p bo‘lgan. Shundan 62 mm yog‘ingarchilik 3 kun davomida qayd etilgan.
Toshkentda kuzatuvlarning butun davri uchun oktabr oyidagi maksimal oylik yog‘ingarchilik miqdori 1901-yilda qayd etilgan bo‘lib, u 126 mm ni tashkil etgan.
Ayrim yillarda oy davomida yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar
soni 2-3 kundan oshmaydi, ayrim hududlarda esa yog‘ingarchiliksiz o‘tgan oktabr oylari juda kamdan-kam uchraydi.
XXI asrda eng quruq oktabr oylari 2002, 2020 va 2025-yillarda kuzatilgan. Bu davrlarda hududlarning katta qismida oy davomida quruq
ob-havo saqlanib turgan yoki yog‘ingarchilik miqdori me’yorning
10-20 foizidan oshmagan.
Oktabrda havoning keskin sovib ketishi natijasida yomg‘irning qisqa muddatga qorga aylanish holatlari ham kuzatilgan, biroq bunday holatlar juda kamdan-kam — 8-10 yilda bir marta — qayd etilgan.
2026-YIL OKTABR OYIDA O‘ZBEKISTONDA KUTILAYOTGAN OB-HAVO SHAROITLARI
Joriy yilning oktabr oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi.
1-oktabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida sentabrning so‘nggi kunlarida boshlanishi kutilayotgan nam va nisbatan salqin havo oqimining kirib kelishi davom etadi. Shu kuni ushbu viloyatlarning ayrim joylarida yomg‘ir yog‘adi, eng jadal yog‘ingarchilik tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuzatiladi. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
2-4 oktabr kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati ko‘tarila boshlaydi. 4 oktabrda respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga sovuq va nam havoning yangi oqimi kirib kela boshlaydi, 5-7 oktabr kunlari esa u asta-sekin O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi.
Haroratning bunday o‘zgarib turishi oktabr oyining oxirigacha davom etadi. Tungi havo harorati 10-13 daraja iliqqacha, kunduzgi havo harorati
25-28 daraja iliqqacha ko‘tariladigan iliq ob-havo fonida vaqti-vaqti bilan salqinlashish davrlari kuzatilishi kutilmoqda.
Sovuq havo oqimlari kirib kelgan davrlarda havo harorati kechasi
3-8 daraja iliqqacha, kunduzi 15-20 daraja iliqqacha pasayishi mumkin. Respublikaning shimoliy hududlarida salqinlashish sezilarli bo‘lib, havo harorati kechasi 0-2 daraja sovuqqacha, kunduzi 10-15 daraja iliqqacha pasayadi.
Oktabr oyining o‘rtacha harorat foni iqlimiy me’yor atrofida, ayrim joylarda esa undan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
O‘rtacha oylik havo harorati anomaliyasining taqsimlanishi, °C
(xaritada raqamlar bilan o‘rtacha oylik havo harorati me’yorlari ko‘rsatilgan).
Yog‘ingarchilik hududlar va vaqt bo‘yicha notekis taqsimlanishi mumkin. Oktabrda respublikaning shimolida yog‘ingarchilik miqdori iqlimiy me’yordan kam, markaziy va janubi-sharqiy hududlarda esa me’yor atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek, Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim tumanlarida yog‘ingarchilik miqdori iqlimiy me’yordan ko‘p bo‘lishi ehtimoli bor.
Oylik yog‘ingarchilik miqdori anomaliyasining taqsimlanishi
(xaritada raqamlar bilan oylik yog‘ingarchilik me’yorlari mm da ko‘rsatilgan).
