SENTABR OYIGA OB-HAVO PROGNOZI
2026-08-27 14:50:00 / Ob-havo ma'lumotlari

2026-yil kuz faslining birinchi oyi qanday bo‘lishi kutilmoqda?
Sentabr - taqvim bo‘yicha kuz faslining birinchi oyidir. Biroq O‘zbekistonda ushbu oyda ob-havo sharoiti ko‘pincha yumshoq harorat foni bilan ajralib turadi va ayrim jihatlari bilan yoz fasliga xos xususiyatlarni saqlab qoladi.
Ertalabki tetiklantiruvchi salqinlik, iliq, ammo haddan tashqari issiq bo‘lmagan kunlar sentabr oyidagi ob-havo sharoitlarini mamlakatimiz aholisi va mehmonlari uchun ayniqsa qulay qiladi.
O‘zbekistonda sentabr oyini “baxmal mavsum” deb atashadi.
Iqlimiy kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududining katta qismida oyning birinchi yarmida o‘rtacha kunduzgi harorat 30-33 darajani, oyning ikkinchi yarmida esa 26-29 darajani tashkil etadi.
Sentabr oyining eng iliq kunlarida havo harorati
35-37 darajagacha, respublikaning janubiy hududlarida esa 39-40 darajagacha ko‘tariladi.
Sentabr oyida respublika hududining katta qismida mutlaq maksimal havo harorati 37-40 daraja, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa 41-43 darajani tashkil etadi.
Sentabr oyida iliq ob-havo saqlanib turishiga qaramay, ayrim davrlarda kunduzgi havo haroratining 22-25 darajagacha, ba’zan esa undan ham pastga tushishi bilan kuz faslining ta’siri sezila boshlaydi. Biroq bunday davrlar har yili ham kuzatilmaydi va odatda juda qisqa muddatli bo‘ladi.
Ko‘p yillik meteorologik kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, ayrim yillarda sentabr oyining eng oxirlarida havoda ilk sovuqlar qayd etilgan. Biroq XXI asrda bunday holatlar kuzatilmagan.
So‘nggi 50 yil ichidagi eng sovuq (me’yordan 2-3,5 daraja past)
sentabr oylari 1992 va 1994 yillarda qayd etilgan.
Eng iliq sentabr oylari (me’yordan 1,5-3,5 daraja yuqori)
2013, 2016, 2021, 2022 va 2025 yillarda kuzatilgan. Mazkur holat ushbu asrda kuzatilayotgan global isish tendensiyasiga mos keladi.
So‘nggi 50 yil ichida o‘rtacha oylik haroratni me’yordan og‘ishi (°C)
trend chizig‘i ko‘rsatilgan holda
Yog‘ingarchilik tartibi
O‘zbekistonda sentabr — yilning eng quruq oylaridan biridir. Iqlimiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu oyda yog‘ingarchilik miqdori iyul va avgust oylariga nisbatan biroz ko‘proq bo‘lib, tekislik hududlarda 1-5 mm ni, tog‘larga yaqin hududlarda esa 6-10 mm ni tashkil etadi. Ayrim tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik miqdori 15-30 mmgacha yetishi mumkin.
Sentabr oyida yomg‘irlar kam yog‘adi — odatda oy davomida
1 martadan 4 martagacha yomg‘ir kuzatiladi.
Ayrim yillarda O‘zbekiston hududining katta qismida yoki butun respublika bo‘yicha sentabr oyida umuman yomg‘ir yog‘magan yoki oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yorning 10%idan oshmagan holatlar ham kuzatilgan.
Masalan, Toshkent shahridada so‘nggi 50 yil ichidagi sentabr oylarining yarmidan biroz kamrog‘i o‘ta quruq kechgan.
So‘nggi 50 yil davomida sentabr oylari uchun oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yorga nisbatan % hisobida (me’yor - 4,6 mm)
Shu bilan birga, meteorologik kuzatuvlar tarixida ayrim hududlarda bir oy davomida atigi 1-2 marta yog‘gan yomg‘ir hisobiga yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan sezilarli darajada oshgan, ayrim hollarda esa me’yoridan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan holatlar ham qayd etilgan.
Jumladan, 2016 yil sentabr oyida Nukusda shahrida oylik me’yor 3 mm bo‘lgan bir paytda 30 mm yog‘ingarchilik qayd etilgan.
2026-YIL SENTABR OYI QANDAY KECHISHI KUTILMOQDA?
Joriy yilning sentabr oyida ob-havoning nisbatan quruq va biroz iliq bo‘lishi kutilmoqda. O‘rtacha havo haroratining iqlimiy me’yorga yaqin bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Oyning birinchi o‘n kunligida havo asosan kam bulutli bo‘lib, qulay harorat fonida quruq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda.
Kechasi va erta tongda harorat 15-20 daraja bo‘lib, yoqimli salqinlik seziladi. Kunduz kunlari esa quyosh nurlari ta`sirida havo 30-35 darajagacha, ayrim kunlarda 37 darajagacha isishi mumkin.
Respublikaning janubiy hududlarida eng issiq kunlarda havo harorati
38-40 darajagacha ko‘tarilishi ehtimoli mavjud.
O‘rtacha oylik havo harorati anomaliyasining °C da taqsimlanishi
(Xaritada raqamlar bilan o‘rtacha oylik havo harorati me’yorlari ko‘rsatilgan).
Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida nisbatan barqaror harorat foni shakllanishi kutilmoqda. Bu davrda havo harorati kechalari asosan 10-15 daraja, kunduz kunlari esa 25-30 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, ayrim qisqa muddatlarda havo haroratining ham yuqorilash, ham pasayish tomonga o‘zgarib turishi ehtimoldan xoli emas.
Oyning ayrim kunlarida, ya’ni oy davomida 1-3 kun biroz jadallikdagi yomg‘irlar yog‘ishi mumkin. Respublikaning janubiy hududlarida sentabr oyida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli juda kam.
Respublika hududining katta qismida oylik yog‘ingarchilik miqdorining me’yordan kam bo‘lishi, Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida me’yor atrofida kuzatilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa yog‘ingarchilik miqdorining me’yordan ko‘p yoki me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Oylik yog‘ingarchilik miqdorining me’yordan og‘ishining taqsimlanishi
(Xaritada raqamlar bilan oylik yog‘ingarchilik me’yorlari mm da ko‘rsatilgan).
Oyning ayrim kunlarida 1–3 kun biroz jadallikdagi yomg‘irlar yog‘ishi mumkin. Respublikaning janubiy hududlarida esa sentabr oyida yog‘ingarchilik ehtimoli juda kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
