May oyi qanday kuzatildi
2026-06-05 17:00:00 / Ob-havo ma'lumotlari

2026 YIL - BAHOR FASLINING OXIRGI OYI
Bahor faslining oxirgi oyi - may oyi ham tugadi.
Oy davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha qulay harorat fonida asosan iliq ob-havo kuzatildi. Ko‘pchilik kunlarda maksimal havo harorati 27-32 daraja atrofida bo‘ldi.
Oyning eng issiq davrlarida havo harorati qisqa muddatga
34-37 darajagacha ko‘tarildi, may oyi oxirida esa ayrim joylarda 39 darajaga yetdi. Respublika shimolida, cho‘l hududlarida va janubida ba’zi joylarda harorat 40-41 darajagacha, Termiz hududida 42 darajagacha ko‘tarilishi qayd etildi.
Shuningdek qisqa muddatga havoning salqinlashishi kuzatildi, bunda havo harorati iqlim me’yorigacha pasaydi va undan 2-3 darajaga past bo‘ldi. Ushbu kunlarda kunduzgi harorat 20–25 darajadan ko‘tarilmadi, kechasi va ertalab termometr ustuni 10-15 darajagacha pasaydi.
Respublika hududining katta qismida o‘rtacha bir kecha-kunduzlik havo harorati iqlim me’yoridan 1-2 darajaga yuqori, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘ldi.
2026 yil may harorat tartibi 2025 yil may oyiga nisbatan ancha yumshoq bo‘lib, u respublikaning (shu jumladan Toshkent viloyati) ko‘pchilik hududlari bo‘yicha eng iliq may oylari uchligiga kirib, O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq may oyi bo‘ldi.
Shuningdek o‘tgan may oyi 2025 yil may oyidan o‘zining namlik bilan ta’minlanish tavsifi va darajasi bo‘yicha farqlandi.
2025 yil may oyi ekstremal quruq bo‘lib, bu yilning may oyida esa hududning katta qismida yog‘ingarchilik me’yordan ko‘p bo‘ldi. Yomg‘ir deyarli barcha joylarda momaqaldiroq bilan qayd etilib, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi bilan kuzatildi.
Oyning ayrim kunlarida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda kuchli jalalar yog‘di, yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 50-90% ni tashkil etdi.
Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarida ayrim joylarda bir kecha-kunduzda yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 100-150% ga yetdi, Nukus hududida esa bir kecha-kunduzda 40 mm ga (oylik me’yordan 348%) yetdi.
Respublikaning ayrim hududlarida may oyida bunday kuchli yomg‘irlar 50 yil ichida birinchi marta kuzatildi.
Angren, G‘uzor, Nukus meteostansiyalarida meteoroloik kuzatuvlar tarixida may oyi yog‘ingarchiliklarining bir kecha-kunduzlik maksimal miqdori rekordlari yangilandi.
Jadal jala yomg‘irlar hisobiga respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida faol sel-suv toshqin hodisalari qayd etildi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Navoiy Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida bir necha marotaba sel va suv toshqinlari kuzatildi.
May oyida yomg‘ir yog‘ishi juda notekis bo‘ldi. Respublikaning ayrim joylarida (shimolda, cho‘l hududlarda, janubda, shuningdek Farg‘ona vodiysi bo‘yicha ba’zi joylarda) may oyida yog‘gan yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yorga yetmadi.
Respublikaning ba’zi joylarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zonlar bilan kuzatildi. Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida ayrim joylarda shamolning kuchayishi ba’zida 22-24 m/s ga yetshi qayd etildi.
2026 YIL BAHOR MAVSUMI
O‘zbekiston bo‘yicha 2026 yil bahor mavsumi iliq bo‘ldi.
Respublika hududining katta qismida bahor mavsumining o‘rtacha havo harorati o‘tacha ko‘p yillik qiymatlardan 1-2 darajaga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2-2,5 daraja ko‘p bo‘ldi.
Bahor faslining uch oyi ham iliq keldi. O‘rtacha oylik havo haroratinig ko‘tarilishi bir tekis bo‘lib, iqlim me’yorlari ko‘tarilishi bilan mos bo‘ldi.
Bahorning eng sovuq davri mart oyining birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarida qayd etilib, iqlim me’yoridan o‘rtacha 1-3 darajaga sovuqroq bo‘ldi.
10-13 mart kunlari havoda sovuq qayd etildi. Kechalari harorat 2-7 daraja sovuqqacha, respublika shimolida va cho‘l hududlarida
8-13 daraja sovuqqacha pasaydi. Faqat Surxondaryo viloyatida sovuq kuzatilmadi.
Mart oyining uchinchi o‘n kunligida harorat keskin ko‘tarildi, u mart oyi birinchi ikki haftasidagi sovuq sharoitni qopladi. Ushbu davrning o‘rtacha havo harorati iqlim me’yoridan 4-6 darajaga, respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida 7-9 darajaga yuqori bo‘ldi. Maksimal harorat 27-30 darajaga, shimolda, cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 31-32 darajaga yetdi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida) maksimal havo harorati barcha kuzatuv yillari uchun mart oyi mutlaq maksimumiga yaqin bo‘ldi.
Mart va aprel oylarida asosan iliq ob-havo qayd etildi.
Eng iliq, hatto yoz fasliga o‘xshash issiq kunlarda maksimal harorat quyidagi qiymatlarga yetdi:
* aprel oyida 28-33 daraja, respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida 34-36 daraja;
* may oyida 34-39 daraja, shimolda, cho‘l hududlarda va janubda 40-41 daraja, Termiz hududida 42 darajagacha bo‘lishi kuzatildi.
2026 yil bahor mavsumida, o‘tgan yilgi quruq bahordan farqli, yog‘ingarchilik me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan ko‘p bo‘ldi. Faqat respublika janubida ayrim joylarda biroz yog‘ingarchilik taqchilligi (me’yordan 70-80%) kuzatildi.
