2026-YIL – YOZ FASLI BOSHI
2026-05-26 10:10:00 / Ob-havo ma'lumotlari
Yozning birinchi oyi - iyun oyi boshlanmoqda. O‘zbekistonda iyun oyi odatda qanday bo‘ladi va bu yil uni qanday kutish mumkin?
Iqlim ma’lumotlariga ko’ra, iyun oyida o’rtacha oylik havo harorati may oyi qiymatlaridan 4-5 darajaga, cho‘l hududlarda 6-7 darajaga yuqori bo‘ladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha iyun oyining o‘rtacha harorati barqaror ravishda oshib bormoqda.
Oxirgi 15 yil davomida respublika hududining katta qismida faqat 2019-yilning iyun oyi, shimolda va cho‘l hududlarda esa 2017 va 2018 yilning iyun oylari me’yordan biroz sovuqroq bo‘ldi.
Besh yilliklar bo‘yicha o‘rtacha hisoblangan iyun oyining o‘rtacha harorati 2021-2025-yillarda haroratning sezilarli darajada ko‘tarilganini ko‘rsatmoqda. Respublikaning barcha hududlarida ushbu yillar davomida haroratning me’yordan o‘rtacha anomaliyasi +1,3 darajadan +2,5 darajagachani tashkil etdi.
Besh yilliklar bo‘yicha o‘rtacha hisoblangan iyun oyidagi havo harorati anomaliyasi
O‘zbekiston hududining katta qismida iyun oyida o‘rtacha kunlik harorat 31-36 daraja atrofida bo‘ladi, janubda va cho‘l hududlarida esa me’yordan 3-4 darajaga yuqori bo‘ladi.
Iyun oyida maksimal havo haroratining rekord qiymatlari 41-44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda 45-47 darajani tashkil etadi. Toshkentda iyun oyi mutlaq maksimal harorati 43 darajadir. Mamlakatimiz bo‘yicha eng yuqori maksimal havo harorati 49,6 daraja 1914 yil iyun oyida Termiz shahrida qayd etilgan.
Rekord ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘lgan havo harorati, albatta, kamdan-kam kuzatiladi. Ayrim juda issiq kunlarda harorat 37-41 daraja, janubda va cho‘l hududlarda 41-43 darajagacha bo‘lgan harorat deyarli har yili iyun oyida kuzatiladi.
Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil - bu havo harorati juda yuqori bo‘lgan alohida kunlar emas, balki issiq davrlarning davomiyligidir
Shunday qilib, 2023 yil iyun oyida deyarli ikki hafta davomida havo harorati 38-41 daraja atrofida, cho‘l hududlarda va eng chekka janubda esa 43 darajagacha bo‘lgan juda issiq davr qayd etildi.
Ba’zida esa iyun oyida kunduzgi harorat 25-28 darajagacha, ba’zan undan ham pastroq bo‘ladigan davrlar kuzatiladi, lekin ularning davomiyligi qisqa bo‘ladi.
Iyun oyida may oyiga nisbatan yog‘ingarchilik miqdori sezilarli darajada (2-4 marta) ayniqsa janubda va cho‘l hududlarda (5-12 marta) kamayadi, bu esa chang-qum bo‘ronlarining tez-tez vujudga kelishiga olib keladi.
Shu bilan birga, iyun oyida yog‘ingarchilik hudud bo‘yicha ham, vaqt bo‘yicha ham notekis taqsimlanishi kuchayadi.
Ekstremal quruq oylar bilan bir qatorda, ayrim yillarda mahalliy jala yomg‘irlar yog‘adigan kunlar ham kuzatiladi, bunda yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda oylik me’yorga yetadi, ba’zan esa undan ham oshadi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda iyun oyidagi jala yomg‘irlar ko‘pincha sel-suv toshqin hodisalarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Meteorologik kuzatuvlar tarixida yog‘ingarchilik miqdori 3-6 oylik me’yorga teng bo‘lgan kuchli jalalar, qurg‘oqchil hududlarda esa bir necha soat ichida 8-20 oylik me’yorgacha yog‘ishi holatlari kuzatilgan.
Shunday qilib, 2019 yil iyun oyida Toshkent shahrida atigi 2 marta yomg‘ir yog‘gan bo‘lsa-da, bu kunlarda yog‘ingarchilik miqdori iyun oyining oylik me’yoridan sezilarli darajada ko‘p bo‘ldi. Shu 2 kun davomida shaharning turli hududlarida 50 mm dan 89 mm gacha yog‘ingarchilik kuzatildi. Toshkent shahrida iyun oyida yog‘ingarchilikning iqlimiy me’yori 17 mm ni tashkil etadi.
2023 va 2025 yillarda iyun oyida Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘magan bo‘lsada, 2025 yil iyun oyida ularning umumiy miqdori me’yorning atigi 10 foizini tashkil etdi.
2026-yil iyun oyiga prognoz
Joriy yilda yoz beqaror va o‘rtacha iliq ob-havo bilan boshlanadi. 1-3 iyun kunlari respublikaning ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi. Harorat asosan kechalari 15-20 daraja, kunduz kunlari 30-35 daraja bo‘ladi.
Keyinchalik oy oxirigacha harorat asosan kechalari 18-23 daraja bo‘ladi, kunduz kunlari 29-34 darajadan 34-39 darajagacha o‘zgarib turadi, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ayrim kunlarda 40-42 darajagacha bo‘ladi.
Oyning birinchi yarmida ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Bu yilgi yoz qanday bo‘ladi? U ekstremal issiq bo‘ladimi? Bu savol oson emas.
Amerika iqlim prognozlari markazining so‘nggi byulleteniga ko‘ra, 2026-yil may oyida El-Nino hodisasi boshlanishining birinchi aniq belgilari (Tinch
okeanida suv haroratining keskin ko‘tarilishi) qayd etildi, bu esa sayyoramizda global havo haroratining keyingi oshishiga sabab bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda bircha iqlim tizimi neytral deb hisoblanadi, ammo okeandagi suv harorati juda yuqori tezlikda ko‘tarilmoqda. Bu dunyoning yetakchi mavsumiy prognozlash markazlari tomonidan 2026-yil yozi issiq bo‘lishi prognozlari bilan bog‘liqdir.
Bu O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?
O‘zbekistonda yoz an’anaviy ravishda quruq va issiq bo‘ladi – bu O‘rta Osiyo iqlimining o‘ziga xos xususiyatidir. Bundan tashqari, so‘nggi 15 yil davomida yoz fasllari o‘rtacha harorati ko‘tarilishining barqaror tendensiyasi kuzatilmoqda
Jahon prognoz markazlari hisob-kitoblariga asoslangan holda O‘zgidrometning dastlabki baholashiga ko‘ra, joriy yilda yozning o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi mumkin.
Yozgi mavsum davomida ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan juda issiq ob-havo davrlari bo‘lishi kutilmoqda. Yoz o‘rtalarida eng issiq kunlarda havo harorati 42-44 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 45-47 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
