Gʻuzor tumani hokimligi

G‘uzor tumani - 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. Umumiy yer maydoni 2,7 ming km2. Chegara uzunligi 326,7 km.
Aholisi 222 ming nafar (01.01.2025 holatida). Xonadon soni - 42,1 ming. Asosan, o‘zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi.
Chegaradosh hududlar—shimoldan Qamashi, Chiroqchi, sharqdan Dehqonobod, g‘arbdan Qarshi va Nishon tumanlari, janubdan Turkmaniston respublikasi bilan chegaradosh.
Tuman markazi — G‘uzor shahri. Tumanda 51 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 5 ta shaharcha va 86 ta qishloq aholi punktlari mavjud.
(Gulshan, Eskibog‘, Chaqar, Jarariq, Yakkadaraxt, Yonqishloq, Guliston, Istiqbol, Do‘ltali, Toshguzar, Chugurtma, Fayziobod, Mevazor, Do‘stlik, Navro‘z, Sherali, Dashtobod, Yangihayot, Pachkamar, Chorvador, Obihayot, Omon ota, Xalkabod, Yangiobod, Batosh, Mo‘minobod, Apardi, Bo‘ston, Xumdon, Avg‘onbog‘, Yarg‘unchi, Mustaqillik, Chanoq, Zarbdor, Qovchin, Sovlig‘ar, Shakarbuloq, Yangikent, Sovbog‘, Tinchlik, A.Temur, Obod, Mehnatobod, Cho‘michli, Tengdosh, Qorako‘l, Jonbuloq, Eshonquduq, Buyuk karvon, Paxtazor, Xo‘jaguzar mahalla fuqarolari yig‘ini).
Tabiati — G‘uzor tumani Qashqadaryo viloyatining janubi-sharqida, Qashqadaryoning o‘rta oqimida. G‘uzordaryo havzasi, G‘uzor adirlari va tog‘ oldi qiya tekisliklarida joylashgan. Hisor tog‘larining eng chekka janubi-g‘arbidagi tarmoqlari bo‘lgan Langar — qorael tog‘larining o‘rtacha balandligi 800–850 metr. Pachkamar suv ombori sohillaridagi bu past tog‘lar Shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga yo‘nalgan, yon bag‘irlari yassi bo‘lib, mutlaq balandligi 430–750 metr bo‘lgan G‘uzor adirlariga tutashib ketgan. Adirlar zamini to‘rtlamchi davr lyossimon jinslari bilan qoplangan, osti shag‘al va konglomerat qatlamlaridan tashkil topgan.
G‘uzor tumani va unga tutash Qamashi, Qarshi va Nishon tumanlariga yaqin hududda katta zaxiraga ega bo‘lgan gazli va gaz kondensatli yotqiziqlar O‘zbekistondagi neftgazli regionning eng boy Hisor oldi hududini tashkil etadi.
Iqlimi kontinental. O‘rtacha yillik temperatura 16°. Yanvarning o‘rtacha temperaturasi 1,9°, eng past temperatura —23°. Iyulning o‘rtacha temperaturasi 26,6°, eng yuqori temperatura 46°. O‘rtacha yillik yog‘in 285 mm. Yog‘inning asosiy qismi bahor va qish fasllarida yog‘adi. Vegetatsiya davri 272 kun.
Tumanning shimoliy chekkasidan Qashqadaryo oqib o‘tadi. Shuningdek, G‘uzordaryo va uning irmoqlari — Katta O‘ra-daryo va Kichik O‘radaryodir. Tuman hududida Pachkamar suv ombori qurilgan. Tuproqlari och va tipik bo‘z tuproqlar.
Yovvoyi o‘simliklardan tekisliklarda, asosan, qoramashoq, qo‘ng‘irbosh, qorasho‘ra, chalov, no‘xatak, istaran, kovrak, yantoq, yulg‘un, tog‘li qismida naʼmatak, do‘lana va boshqa o‘simliklar o‘sadi.
Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo‘ri, quyon, kiyik, chiyabo‘ri, parrandalardan chumchuq, qarg‘a, bedana, kaklik, chil, kalxat, burgut; kemiruvchilardan sichqon, kalamush; sudralib yuruvchilardan turli zaharli va zaharsiz ilonlar, echkemar, kaltakesaklar, suv havzalarida sazan, laqqa, qorabaliqlar uchraydi.
