Gʻuzor tumani hokimi Suyunov Bekzod Olimovichning Mustaqillik bayrami munosabati bilan tuman ahliga bayram tabrigi
2025-08-26 19:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!
Hurmatli nuroniylar, ustozlar, ziyolilar, shijoatli yoshlar va muhtaram mehmonlar!
Mustaqillikning 34 yilligi "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" shiori ostida yurtimiz boʻylab keng nishonlanmoqda. Bu bayram bizning erkinligimiz, ozodligimiz va milliy gʻururimizning timsolidir.
Mustaqillik tufayli biz oʻz taqdirimizni oʻzimiz belgilaydigan, taraqqiyot yoʻlini erkin tanlaydigan, ertangi kunimizga ishonch bilan qaraydigan xalqga aylandik.
Hurmatli Prezidentimizning islohotlari va tashabbuslari natijasida hayotimizning barcha sohalarida yangilanish va taraqqiyot surʼatlari yuksalmoqda.
Prezidentimiz har bir chiqishida taʼkidlaganidek, barcha islohotlarning asosiy maqsadi – xalqni rozi qilishdir. Shu bois odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi imkoniyatlar, qulay sharoitlar, keng imtiyozlar yaratilmoqda.
Soʻnggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida G‘uzor tumanida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Hususan, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan G‘uzor tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha dastur ishlab chiqilib, soʻnggi 4 yilda 226,6 mlrd soʻm mablagʻlar hisobiga 35 ta obyektda 411,2 km ichimlik suv tarmoqlari qurildi hamda umumiy quvvati 8700 m3 boʻlgan 4 ta Suv saqlash va tarqatish inshootlari qurildi hamda 2 tasi rekonstruksiya qilindi.
Natijada, 14 ta mahallalardagi 75 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlanib, daraja 0,2 % dan 31,2 % ga yetkazildi.
Bundan tashqari soʻnggi 5 yilda tumanda elektr taʼminotini yaxshilash hamda aholining uzluksiz elektr bilan taʼminlanishi maqsadida 377,7 km elektr tarmoqlari, 119 ta transformator punktlari yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi hamda 3 mingdan ziyod sim yogʻochlar beton ustunga almashtirildi.
Bu ishlarning samarasini barchangiz sezdingiz: oldinlari kuniga 10 soatlab svet oʻchib qolgan boʻlsa, bugungi kunda 1 oyda bor-yoʻgʻi 1 soat oʻchmoqda.
Shuningdek, gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 158,6 km gaz quvurlari qayta tartibga keltirildi, 27 km ichki gaz tarmoqlari yangidan tortildi, 9 224 ta xonadonga zamonaviy gaz hisoblagich oʻrnatildi.
Natijada 16 ta mahalladagi 15 500 dan ortiq xonadon, 1 300 ta tadbirkorlik subyekti va 73 ta ijtimoiy obyekt tabiiy gaz bilan taʼminlandi.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 2021–2024 yillarda 74 mlrd soʻm ajratilib, 90 km dan ortiq yoʻl asfaltlashtirildi. Bundan tashqari, jami 301,7 km ichki yoʻl taʼmirlandi, 5 ta koʻprik yangilandi.
“Mustaqillik” mahallasida 33 ta koʻp qavatli uy qurilib, 664 ta oila yangi uyga koʻchib oʻtdi.
Taʼlim va tibbiyotda:
-
4 ta maktab qurildi, 37 ta maktab taʼmirlandi.
-
Bogʻcha qamrovi 25 % dan 72,2 % ga yetdi, 200 dan ortiq bogʻcha tashkil qilindi.
-
Shifoxonalarga UTT, EKG, Mammografiya, Gemodializ apparatlari olib kelindi, natijada 15 ta bola va 6 nafar ona oʻlimi oldi olindi.
Yoshlar va sportda:
-
5 700 nafar yoshga 7,2 mlrd soʻmlik yordam koʻrsatildi.
-
600 oʻrinli sport maktabi ва 88 ta sport maydonchasi qurildi.
-
Tumandosh sportchilar xalqaro musobaqalarda 30 dan ortiq medal qoʻlga kiritdi, 9 nafar sportchi milliy terma jamoaga kirdi.
Aziz tumandoshlar!
Bu yutuqlar shunchaki raqam emas, balki har bir xonadon hayotidagi amaliy oʻzgarishlardir. Yangi uylar, obod koʻchalar, zamonaviy maktablar va shifoxonalar – bularning barchasi Mustaqillik neʼmatlaridir.
Eng muhimi – Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli yurtimizda tinchlik va osoyishtalik saqlanmoqda.
Shu bois, barchamizning burchimiz – tinchlikni asrab-avaylash, bunyodkorlikka bel bogʻlash va islohotlarga hissa qoʻshishdir.
Sizlarning xonadoningiz fayzli, dasturxonlaringiz toʻkin-sochin boʻlsin!
Bayram muborak boʻlsin!
Bekzod Suyunov, G‘uzor tumani hokimi.
