Gʻuzor tumani prokurori Rustam Sayfiyevning jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha tuman ahliga murojaati
2025-06-05 09:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, Qadrli otaxon va onaxonlar!
Aziz yoshlar! Hurmatli tumandoshlar!
Barchamizga yaxshi ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida inson qadrini
ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib borib, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini kundalik hayotida doimo his qilmoqdalar.
Xabaringiz bor, so‘ngi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning mutloqo yangi mexanizmlari joriy etilib, huquqbuzarliklarni sodir etishga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda alohida shaxsiy xavfsizlik xissini shakllantirish borasida samarali chora - tadbirlar amalga oshirildi.
Bu jarayonda, ayniqsa aholi tinchligi va osoyishtaligi, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz mahalla” kabi tamoyillarga qat’iy amal qilgan holda, qonun ustuvor bo‘lgan muhitni yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda, Muhtaram Prezidentimizning 2025 yilning 3 yanvar kuni “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli Qarori qabul qilindi.
Ushbu Qarorda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda Gʻuzor tumani prokuraturasi xodimlari alohida jonbozlik ko‘rsatib, avvalo aholiga yaqin bo‘lib, qonun va adolat ustuvorligini, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash faoliyatimizni asosiy mezoni sifatida belgilab oldik.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralarga qaramay, tumanda joriy yilning o‘tgan davrida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i 1,9 foizga ortgan.
Afsuski, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol - mulkini egallashga urinishmoqda.
Ayniqsa, jahon internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga har xir turdagi ta’sir o‘tkazish orqali hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini egallash holatlari ko‘plab uchramoqda.
O‘tgan davrda, tumanimizda 38 ta kiberjinoyatlar, 5 ta firibgarlik holatlari sodir etilib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isboti.
Shuningdek, o‘tgan davrda nazoratsizlik hamda ta’lim - tarbiya ishlari yetarlicha to‘g‘ri tashkil etilmagani oqibatida 3 nafar voyaga yetmagan shaxslar, 8 nafar yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilganligi tashvishli. Achinarlisi, oilalardagi muhitni yaxshilash, ayniqsa, xotin - qizlarning muammolarini o‘rganib, hal etishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir vaqtda 2 nafar xotin - qizlar tomonidan jinoyat sodir etildi.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol - mulklar – texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirgani oqibatida o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratib berayotgani ham ayni haqiqat.
Oqibatda, o‘tgan davrda 15 ta o‘g‘rilik, shaxslarning jamiyatda yurish qoidalarini buzib, boshqalarning sog‘ligiga ziyon yetkazganligi bo‘yicha 6 ta yengil tan jarohati yetkazish jinoyatlari qayd etildi. Shuningdek, yo‘llarda avtomobillar soni kundan - kunga ortib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirmoqda.
Biroq, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari, yo‘l qoidalariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida jami 12, shu jumladan o‘lim bilan bog‘liq 3 ta yo‘l - transport hodisasi sodir etilganligi ayanchli, albatta!
Hurmatli tumanimiz ahli!
Shu sababli, kelgusida hal etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar borligini barchamiz yaxshi tushunamiz.
Bundan kelib chiqqan holda mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi yangi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilmoqchiman.
Jinoyatlarning oldini olish, tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Shu maqsadda, mahallalardagi aholi gavjum joylar va ko‘chalarga 312 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 11 ta, mahallalarning asosiy kirish - chiqish joylariga 62 ta, savdo markazlari va bozorlarga 6 ta, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari kirish - chiqish joylariga 44 ta, maktablarning ochiq sport maydonlariga 24 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar o‘rnatildi.
Mahallalardagi ko‘p qavatli va yakka tartibdagi 348 ta xonadonlar texnik qo‘riqloviga olindi, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 12 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi.
Shu kabi, mahallalarda 103 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” va 35 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha”lar tashkil etildi.
Natijada, mazkur vositalar kirminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkorlik bilan izlab topish hamda jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birgalikda, tergov sifati yanada oshirish bo‘yicha alohida naxorat o‘rnatildi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan buyon korrupsiyaga qarshi kurashish borasida barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boramiz.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralarini ko‘ramiz.
Aziz Gʻuzorliklar!
Albatta, tumanda jinoyatchilik va korrursiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrup-siyadan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Bugungi kunda juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida qat’iy ishlayapmiz.
Prezidentimiz talab qilayotganlaridek, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga e’tiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida e’tibor qaratamiz.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr qimmatini, mol - mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish - turish qoidalariga rioya qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz tumandoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
Rustam Sayfiyev, Gʻuzor tumani prokurori.
