G‘uzor tumani prokurori R.U. Sayfievning MUROJAATNOMASI
2026-09-09 11:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli tumanimiz fuqarolari!
Barchamizga yaxshi ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilib, huquqbuzarliklarni sodir etishga sabab bo‘layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda alohida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, Muhtaram Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvar kuni “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda G‘uzor tumani prokuraturasi xodimlari alohida jonbozlik ko‘rsatib, avvalo, aholiga yaqin bo‘lib, qonun va adolat ustuvorligini, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashni faoliyatimizning asosiy mezoni sifatida belgilab oldik.
Qadrli tumandoshlar!
Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralarga qaramay, joriy yilning o‘tgan davrida tumanda umumiy jinoyatlar soni 458 tani tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 304 taga (197,4 foizga) oshgan.
Afsuski, yaratilayotgan keng imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol-mulkini egallashga urinmoqdalar.
Ayniqsa, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulki yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish — firibgarlik hamda o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish — o‘g‘rilik jinoyatlari ko‘plab uchramoqda.
O‘tgan davrda tumanimizda 112 ta firibgarlik, 173 ta o‘g‘rilik holatlari sodir etilib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isbotidir.
So‘nggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar bir necha baravar ko‘paymoqda.
Shu sababli, tumanimiz aholisidan firibgarlik va o‘g‘rilik qurboni bo‘lmaslik uchun internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan turli xil xabarlardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda pul oldi-berdisi va boshqa masalalarni notarial idoralar orqali amalga oshirishlarini so‘rab qolamiz.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalla hududida sodir etilayotgan, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 87 tani tashkil etdi.
Bu esa tumanimiz aholisidan o‘z mahallasi hamda yashash xonadonida hushyor va sergak bo‘lishni, jinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda.
Bundan tashqari, yo‘llarda avtomobillar soni kundan-kunga ortib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirmoqda.
Biroq, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari va yo‘l harakati qoidalariga rioya etmasdan, o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir etilayotgani, albatta, ayanchli.
Shu sababli, kelgusida hal etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar borligini barchamiz yaxshi tushunamiz.
Aziz g‘uzorliklar!
Albatta, tumanda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman, barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniylar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agar har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz hududga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak, ko‘zlangan maqsadga, albatta, erishamiz.
Bugungi kunda juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida qat’iy ishlayapmiz.
Prezidentimiz talab qilayotganlaridek, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzarliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etishni ustuvor vazifa deb bilib, xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun har bir mahalla, har bir xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga e’tiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida e’tibor qaratamiz.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya qilish ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz tumandoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
G‘uzor tumani prokurori
Rustam Sayfiev
