Assalomu alaykum, hurmatli G‘uzor tumani fuqarolari va tumanimizga tashrif buyurgan mehmonlar!
2026-09-08 10:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 5-yanvar kuni “2026-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1- va 2-son qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar bilan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
G‘uzor tumanida mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning qo‘shma qarori tasdiqlandi.
Shuningdek, ilmiy-amaliy yondashuvlar va tahlillar asosida 2026-yil sentyabr oyida tumandagi 47 ta mahallada xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, qolaversa, o‘tgan davr davomida jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan rejalar belgilab olinib, tuman va mahallalar kesimida manzilli chora-tadbirlar “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi hamda ijro uchun mas’ullar belgilandi.
Tumandagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 6 ta mahalla, ya’ni Sherali, Tinchlik, Qorako‘l, Mustaqillik, Buyuk karvon yo‘li va Navro‘z mahallalariga tumandagi mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
Shu bilan birga, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga doir ma’lumotlar “mahalla yettiligi”ga taqdim etilishi natijasida bugungi kunga qadar 6 245 nafar fuqaroning muammolari o‘rganilib, ijobiy hal etildi va qo‘shma xulosalar tuzildi.
Bundan tashqari, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 89 nafar shaxs tomonidan kelgusida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 75 nafari belgilangan tartibda majburiy davolanish uchun viloyat narkologiya shifoxonasiga yotqizilishi ta’minlandi.
Tumandagi huquq-tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari natijasida 755 dan ziyod xonadon hamda 581 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan texnik qo‘riqlovga olinishiga erishildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish yo‘laklari oldiga 78 ta “TASHVISH TUGMASI” ham o‘rnatildi.
Shu o‘rinda siz, aziz fuqarolardan, kelgusida o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlarning oldini olish, shuningdek, o‘z xonadonlaringiz hamda boshqa mol-mulkingiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida tumandagi Qo‘riqlash bo‘limining texnik qo‘riqlov pultiga ulanishingizni tavsiya etaman.
Bugungi kunda texnik qo‘riqlash obyektiga ulangan barcha turdagi obyektlardan bo‘ladigan chaqiruvlarga Qo‘riqlash xizmatining maxsus avtopatrul guruhi xodimlari qisqa vaqtda, ya’ni 3–5 daqiqa oralig‘ida yetib borishi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Tumandagi mahallalarda, jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish maqsadida mahallalarning kirish-chiqish joylari, ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari, bozorlar hamda maktablarga jami 464 ta zamonaviy turdagi videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Qolaversa, tumandagi mas’ul rahbarlar tashabbusi bilan mahallalarda 12 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etilishi ta’minlandi.
Muhtaram Yurtboshimizning 1-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarimiz natijasida joriy yilning sakkiz oyi yakuni bo‘yicha tahlillarga ko‘ra, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar toifasida bo‘lgan Qorako‘l, Sherali, Mustaqillik, Buyuk karvon yo‘li, Navro‘z va Tinchlik mahallalarida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i oshganligi sababli, “Qizil” toifaga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yildi.
Hurmatli fuqarolar!
Huquq-tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim turdagi jinoyatlar salmog‘i oshganligini kuzatishimiz mumkin.
Birgina misol tariqasida, joriy yilning VIII oyi davomida jami 458 ta jinoyat qayd etilib, shularning 290 tasi yoki 63,3 foizini axborot texnologiyalari vositasida, ya’ni sodda qilib aytganda, kibermakonda sodir etilgan jinoyatlar tashkil etishini ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu jinoyatlarning sodir etilish sabablari va omillarini tahlil qilganimizda, fuqarolarimiz oson va mo‘may daromad orttirish maqsadida internetdagi moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi aldovlar bilan yuborilgan soxta havolalarga kirishlari, telefon qo‘ng‘iroqlarida o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirgan notanish shaxsga “SMS kod”ni berishlari, “APK” virusli fayllarini ochishlari yoki onlayn do‘konlar orqali “sotuvchi” yoki “xaridor” sifatida firibgarlar tuzog‘iga tushishlari oqibatida bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Ushbu murojaatim orqali siz, aziz fuqarolardan, ijtimoiy tarmoqlar hamda elektron pochta manzillari orqali yuborilgan shubhali havolalarga kirmaslikni, onlayn do‘konlar orqali mahsulotni qabul qilmasdan yoki ko‘rsatilmagan xizmat uchun oldindan to‘lovni amalga oshirmaslikni hamda shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga taqdim etmaslikni va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaslikni, shuningdek, telefon apparatlaringizga “APK qo‘riqchi” ilovasini o‘rnatishni so‘rab qolaman.
Bundan tashqari, avgust oyi yakuniy tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, sodir etilgan 19 ta o‘g‘irlik jinoyatining 8 tasi xonadon, 1 tasi transport vositasidan, 7 tasi chorva va 3 tasi boshqa turdagi o‘g‘irlik jinoyatlarini tashkil etmoqda.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, fuqarolarimizdan qarovsiz qolayotgan xonadonlarini qo‘riqlash pultiga ulatish yoki kuzatuv kameralari o‘rnatish choralarini ko‘rish, yirik va mayda shoxli chorva mollarini, avtotransport vositalarini qarovsiz va ochiq holda tashlab ketmaslik va eng asosiysi, telefon hamda qimmatbaho buyumlarini olib yurishda ehtiyotsizlik oqibatida tushirib qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz.
Bu bilan Siz o‘z mulkingiz xavfsizligini ta’minlagan va jinoyatlarning oldini olishga hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Hurmatli tumandoshlar!
Murojaatim so‘ngida sizlarni ogohlikka chaqirgan holda, aholi xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek, boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lsa, 112 qisqa raqami orqali yoki “ishonch telefon”larimizga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Albatta, xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz.
E’tiborlaringiz uchun rahmat.
