Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudi raisi L.Rasulovaning tuman ahliga murojaati
2026-07-03 19:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli fuqarolar!
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ularga nisbatan qonuniy huquq mavjud bo‘lmagan holda foydalanish, shuningdek, bunday yerlarda o‘zboshimcha ravishda qurilish ishlarini amalga oshirish qonunchilikka zid hisoblanadi. Bunday harakatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi jinoyat va ma’muriy qonunchiligida qat’iy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, agar bu qilmish uchun ilgari ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish esa yanada og‘irroq javobgarlikka sabab bo‘lib, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shu bilan birga, agar shaxs birinchi marotaba ushbu jinoyatni sodir etgan bo‘lsa hamda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasini aniqlangan kundan e’tiboran 30 kun ichida qaytarib, yetkazilgan oqibatlarni bartaraf etsa, unga nisbatan ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilmaydi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, yer va boshqa tabiiy resurslardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
