ISTE’MOLCHILAR HUQUQLARI — QONUN HIMOYASIDA
2026-02-26 12:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Tarixda, AQShda XIX asrning 60-80 yillarida temir yo‘l kompaniyalari yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari narxlarini keskin oshirib yuborishlari oqibatida, ushbu xizmatlar iste’molchilarining noroziliklariga, ya’ni huquq va manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan harakatlar avj olib ketishiga sabab bo‘ldi. Buning natijasida temir yo‘l tariflari ustidan davlat o‘z nazoratni o‘rnatib, Senatda yangi maxsus organ - shtatlararo savdo bo‘yicha Komissiyasini tuzgan.
1968 yilga kelib iste’molchilarning ko‘plab tarqoq umummilliy va mahalliy birlashmalari Vashingtonda AQSh iste’molchilar Federatsiyasiga birlashdi. Bora-bora konsyumeristik harakati davlatning siyosiy hayotiga yanada kuchli ta’sir o‘tkaza boshladi. XX asr 60-yillariga kelib, ushbu harakat AQShdan Yevropaning ko‘pgina davlatlariga tarqaldi. U biznesda ham, siyosatda ham muhim o‘rin egallaydi.
Konsyumerizm - iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish harakati ma’nosini anglatadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham ijtimoiy harakatga va uni butun dunyo bo‘ylab tarqalishiga alohida e’tibor qaratib kelingan. Xususan 15 mart BMT tomonidan “Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni” deb e’lon qilingan.
O‘zbekistonda 1996 yil 26 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. 1997 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida iste’molchilarning jamoat birlashmalari – iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyati shaklida vujudga kela boshladi.
2002 yil 28 noyabrga kelib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori qabul qilingan.
Iste’molchi buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega.
Bu huquq o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasida iste’molchilar huquqlarini “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asosan davlat iste’molchilarning tovar, ish, xizmat sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Iste’molchilarning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, sudlar ta’minlaydilar.
Hamda, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organlari sifatida quydagilarni ko‘rsatilgan:
1.O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi;
2.O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
3.O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi;
4. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi;
5. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
6. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini o‘z vakolatlari doirasida nazorat qiluvchi boshqa davlat boshqaruvi organlaridir.
Iste’molchilar o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda iste’molchilar birlashmalarini tuzishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasiga asosan ishlab chiqaruvchining ijrochining, sotuvchining mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart ekanligi qonunchilikda belgilangan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, iste’molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek iste’molchilarga tovarlar ishlar, xizmatlar to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, tovarlarni ishlarni, xizmatlarni majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar ish, xizmat tufayli iste’molchilarga zarar yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Dilnoza Shoyimova,
G’uzor tuman yo’llardan foydalanish korxonasi Yuristkonsulti.
