G‘uzorda 2025-yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish jarayonlarini samarali tashkil qilish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi
2025-08-29 09:45:00 / Yangiliklar

Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqov, viloyat prokurorining o‘rinbosari Uktam Yusupov, G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov, viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov, viloyat boshqarma rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mahalla yettiligi a’zolari hamda otryad rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbirda paxta yig‘im-terimini belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish, jarayonda mehnat intizomini mustahkamlash, hosilni talofatsiz yig‘ib olish kabi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, fermerlarga ko‘maklashish, texnika va uskunalardan samarali foydalanish, mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, paxta topshirishda tartib-intizomni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminar davomida G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov paxta hosilini terib olish yuzasidan taqdimot qildi. U mavsumga tayyorgarlik ishlari, zarur texnika va resurslarning safarbar etilishi, terimchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, transport va logistika masalalari bo‘yicha batafsil axborot berdi.
Shu bilan birga, tumandagi ilg‘or fermerlar ham so‘zga chiqib, hukumatimiz tomonidan yaratilgan imtiyozlardan samarali foydalanib yuqori daromad olayotganlarini ta’kidladilar. Ular buning uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.
Seminar yakunida mavsumni tashkiliy jihatdan yuqori darajada o‘tkazish maqsadida tegishli mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Ta’kidlanganidek, paxta yig‘im-terimi — davlatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz farovonligi uchun beqiyos ahamiyatga ega jarayon bo‘lib, uni samarali tashkil etish har bir mas’ulning ustuvor vazifasidir.









