Guliston tumanilik yosh dizayner “MODA YO‘LI” respublika tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi
2026-10-15 16:30:00 / Yangiliklar

“MODA YO‘LI” respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan saralangan 55 nafar yosh dizayner qiz o‘z ijodiy salohiyati va mualliflik kolleksiyalarini namoyish etdi.
Ishtirokchilar zamonaviy moda, avangard, milliy moda hamda oqshom liboslari yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashib, hakamlar hay’atiga o‘ziga xos dizayn yechimlari va ijodiy yondashuvlarini taqdim etdilar.
Quvonarlisi, nufuzli tanlovda Guliston tumani sharafini himoya qilgan “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qiluvchi yosh dizayner Zuhra Abduraxmonova faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. U o‘zining ijodiy izlanishlari, mahorati va betakror dizaynerlik yondashuvi bilan yuqori natijaga erishib, pul mukofoti hamda vaucher bilan taqdirlandi.
Zuhra Abduraxmonovaning ushbu yutug‘i nafaqat uning shaxsiy muvaffaqiyati, balki tumandagi iqtidorli yoshlar salohiyati va ijodiy imkoniyatlarining yana bir yorqin namunasidir.
Yosh dizaynerimizni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etib, kelgusi ijodiy faoliyatida yanada ulkan yutuqlar tilaymiz!



