Guliston tumanida yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlandi
2026-09-22 10:55:00 / Press-relizlar

Guliston tumani hokimi o‘rinbosari Sanjarbek Aslanov boshchiligida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirish hamda mavjud muammolarni o‘rganish va hal etish maqsadida OAV vakillari uchun navbatdagi press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida afg‘onistonlik tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan “Askane United” MCHJning tumanda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihasi bilan yaqindan tanishildi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha qiymati 24 milliard so‘mni tashkil etib, uning doirasida 7 qavatli, 70 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli turar joy binosi barpo etilmoqda.
Ayni paytda qurilish maydonida dastlabki ishlar boshlab yuborilgan bo‘lib, binoning poydevorini barpo etish jarayoni davom etmoqda. Qurilishning dastlabki bosqichida 20 nafarga yaqin ishchi va usta mehnat qilmoqda.
Press-tur davomida loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, qurilish jarayonining borishi hamda tadbirkorlik subyektiga yaratilayotgan sharoitlar haqida OAV vakillariga batafsil ma’lumot berildi.






