Yoshlarni kasbga yo‘naltirishga e’tibor
2026-09-11 16:20:00 / Yangiliklar

Guliston tumani hokimi o‘rinbosari Xurshid Chelibayev boshchiligida yoshlar bandligini ta’minlash va ularni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida OAV vakillari ishtirokida “Mustaqillik” mahallasidagi 18-sonli umumta’lim maktabining bitiruvchi o‘quvchilari uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida bitiruvchilar Guliston tumani 2-son texnikumida yo‘lga qo‘yilgan tikuvchilik hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar.
O‘quvchilarga kasb-hunar egallash uchun yaratilgan sharoitlar, yo‘nalishlarning imkoniyatlari va kelgusidagi bandlik istiqbollari haqida ma’lumot berildi. Bitiruvchilar esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Mazkur amaliy tashabbus yoshlarning kasb tanlashiga ko‘maklashish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish va kelgusida bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.



