Maktablardagi sharoit va qurilish sifati o'rganildi
2026-08-20 17:50:00 / Yangiliklar

Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev tuman prokurori Dilshod Sangirov bilan birgalikda hududdagi umumta’lim maktablarida barpo etilayotgan qo‘shimcha binolar hamda boshqa obyektlardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi.
O‘rganishlar davomida qurilish obyektlarining holati, ishlarning borishi va belgilangan muddatlarga rioya etilishi atroflicha ko‘rib chiqildi. Mas’ullar hamda quruvchilar bilan muloqot qilinib, aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Ayniqsa, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, obyektlarda sifat talablariga qat’iy rioya etish, sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan zamonaviy hojatxonalarni tashkil etish yuzasidan mas’ullarga qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mas'ullarga tuman ishchi guruhi tuzib, barcha umumta’lim maktablarining 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini to‘liq ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish vazifasi topshirildi.
Bugungi o‘rganishlarda aniqlangan barcha kamchiliklarni bir hafta muddatda to‘liq bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.









