Sanoat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganildi
2026-07-27 20:40:00 / Yangiliklar
.

Guliston tumanida sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari doimiy e’tiborda.
Shu maqsadda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev tuman sanoat shtabi a’zolari bilan birgalikda hududdagi ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, ularning faoliyati, mavjud imkoniyatlari hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab, "Do‘stlik" mahallasida faoliyat yuritayotgan "ALEYNA TEXTILE COMPONI" MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ko‘zdan kechirildi. Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud quvvatlar va mahsulot sifati o‘rganilib, faoliyatni yanada kengaytirish hamda mahsulotlarni xorijiy bozorlarga eksport qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, "Ahillik" mahallasida faoliyat yuritayotgan "KUROLOVICHLAR KELAJAGI" MCHJning shlakoblok ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, "Ahillik" mahallasidagi Kichik sanoat zonasida foydalanilmayotgan yer maydonlariga yangi tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish va u yerda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
O‘rganishlar davomida A. Yassaviy mahallasida past quvvatda faoliyat yuritayotgan "EAGLE FLY" MCHJda yangi tikuvchilik sexini tashkil etish rejalari ham ko‘zdan kechirildi. Loyiha doirasida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va korxona faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘rganishlar yakunida sanoat korxonalarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish hamda yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni faol jalb etish, ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.






