"Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!" shiori ostida Guliston tumanida Yoshlar kuni shodiyonasi yuqori kayfiyatda nishonlandi
2026-06-29 22:50:00 / Yangiliklar

Guliston tumani markazidagi yurt bayrog‘i maydonida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida ko‘tarinki ruhdagi gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida ilm-fan, sport, madaniyat va jamoatchilik hayotida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh iqtidorli yoshlar, shuningdek, yoshlar bilan ishlash tizimida fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan tashkilot rahbarlari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayramning eng shukuhli onlarida gala-konsertning faxriy mehmoni, taniqli xushovoz san’atkor Doston Ergashev sahnaga ko‘tarildi. Uning dillarga yaqin, sevimli qo‘shiqlari maydonga yig‘ilgan minglab tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etib, bayram kayfiyatini yanada yuksaltirdi.
Tadbir yakunida musaffo osmonni rang-barang yog‘dular bilan bezagan mushakbozlik tomoshasi barchaga unutilmas taassurot ulashdi.









