#Matbuot_anjumani
2026-06-10 12:25:00 / Matbuot anjumanlari
.

Ish o‘rinlari va daromad: aholi farovonligi uchun nimalar qilinmoqda?
Guliston tumani Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi tomonidan aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda fuqarolar daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, aholi farovonligini yuksaltirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va investitsiya muhitini yanada yaxshilash maqsadida tumanda qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2026-yilda umumiy qiymati 17,4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 27 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ular hisobiga 477 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar–may oylarida mazkur loyihalarning 5 tasi foydalanishga topshirildi. Natijada 109 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shundan 23 tasi doimiy, 25 tasi mavsumiy hamda 61 tasi qurilish ishlari davrida tashkil etilgan ish o‘rinlariga to‘g‘ri keladi.
Matbuot anjumanida investitsiya loyihalarining hudud iqtisodiyotini rivojlantirishdagi o‘rni, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish hamda aholi daromadlarini oshirishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Amalga oshirilayotgan loyihalar natijasida yangi daromad manbalari yaratilmoqda, fuqarolarning bandligi ta’minlanib, oilalarning iqtisodiy barqarorligi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, investitsion jozibadorlikni oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali tumanning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilayotgani qayd etildi.
Tadbir yakunida jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi.


