Yaponiya investorlar bilan yangi bosqichdagi hamkorlik sari muhim qadam
2026-05-23 12:20:00 / Yangiliklar

Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev Yaponiyaning AOMORI NOUSAN kompaniyasi direktori Sakane Tatsuya boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy va o‘zaro manfaatli ruhda kechgan muzokaralar davomida tumanda qiymati 4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur loyiha doirasida sarimsoq piyoz yetishtirish, uni zamonaviy usulda qayta ishlash hamda eksport yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, natijada qariyb 100 nafar fuqaro uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv davomida loyiha iqtisodiy samaradorligi, ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish, hududning logistika imkoniyatlari va mahalliy aholini doimiy ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar hamkorlikni uzoq muddatli va barqaror asosda rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar. Muloqot yakunida dastlabki kelishuvlarga erishilib, loyiha ijrosini amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim qadamlar belgilab olindi.
Shundan so‘ng, tuman hokimi boshchiligida delegatsiya investorlar tomonidan loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hududlarda bo‘lib, mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida yaponiyalik mehmonlarga milliy qadriyatlarimiz va mehmondo‘stlik an’analari namoyish etildi. Kuy-qo‘shiqlar, lapar va milliy chiqishlar mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
Shuningdek, namunali tomorqachi xonadonga tashrif buyurilib, sarimsoq piyoz yetishtirishning mahalliy tajribasi, agrotexnik jarayonlar hamda dehqonchilikdagi ilg‘or yondashuvlar amaliy tarzda namoyish etildi.









