Guliston tumanida quriladigan zamonaviy kanalizatsiya tizimi Xitoylik tadbirkorlar bilan muhokama qilindi
2026-04-23 17:50:00 / Yangiliklar

Guliston tumanida aholi turmush darajasini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan yirik loyiha doirasida Xitoylik investorlar bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Jahon bankining 7,5 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida tumanda 36 ming kilometrdan ortiq kanalizatsiya tarmoqlarini barpo etish, 4 ta zamonaviy nasos stansiyasi hamda oqova suvlarni tozalash inshootini qurish rejalashtirilgan. Bu esa hududda sanitariya holatini yaxshilash bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jumladan, bugun Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev Xitoyning “Guangzhou Tian Long Information Technology Co., Ltd” kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, loyiha ijrosi, moliyalashtirish mexanizmlari hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalarini batafsil muhokama qildi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Shundan so‘ng, loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish obyektlari joyiga chiqib o‘rganildi. Mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda mavjud masalalar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.






