Guliston tumanida yangi sanitariya markazi qad rostlamoqda
2026-04-21 14:10:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Guliston tumanida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida yangi zamonaviy bino qurilishi jadal davom etmoqda. Jahon taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 11 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilayotgan ushbu inshoot nafaqat tizim imkoniyatlarini kengaytiradi, balki aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Qurilish ishlari “PALYOT STROY SERVIS” MCHJning malakali quruvchilari tomonidan olib borilayotgan bo‘lib, jarayonga maxsus texnikalar jalb etilgan. Bu esa ishlarning sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishiga xizmat qilmoqda.
Bugun tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev hamda tuman prokurori Dilshod Sangirov ushbu obyektga tashrif buyurib, qurilish jarayonlarini joyida o‘rganishdi. Mas’ullar tomonidan olib borilayotgan ishlar, mavjud sharoitlar va kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama qilinib, qurilish sur’atlarini yanada jadallashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur yangi bino uch qavatdan iborat bo‘lib, unda ishchi xodimlar uchun barcha zarur zamonaviy uskunalar va jihozlar yaratiladi. Shuningdek, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi.









