Sirdaryo delegatsiyasi Bangkokdagi ASOCIO AI Summit 2026 sammitida ishtirok etdi
2026-04-04 10:40:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib, qator samarali uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrifning ilk kunida delegatsiya a’zolari Osiyo va Okeaniya mintaqasidagi IT va raqamli texnologiyalar sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir — ASOCIO AI Summit 2026 sammitida ishtirok etdi. Unda dunyoning 24 ta mamlakatidan vakillar qatnashib, hamkorlik va investisiya imkoniyatlari muhokama qilindi.
Sammit davomida Sirdaryo viloyatining raqamlashtirish salohiyati, investision imkoniyatlari hamda IT sohasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar taqdim etildi.
📌 Sammit yakunida Sirdaryo viloyati hokimligi rasman ASOCIO tashkilotiga a’zolikka qabul qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida qator yetakchi xalqaro IT assosiatsiyalari bilan amaliy kelishuvlarga erishildi. Ular orasida Pokistonning P@SHA, Filippinning IBPAP, Bangladeshning J.A.N. Associates Ltd, Yaponiyaning JISA va Indoneziyaning FTII tashkilotlari bor.
Mazkur kelishuvlar startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu hamkorlik natijasida viloyatda BPO xizmatlarini rivojlantirish, IT-eksportni oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribani jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
📊 Ma’lumot uchun:
ASOCIO — Osiyo va Okeaniya mintaqasidagi 24 ta iqtisodiy hududni birlashtirgan, 20 mingdan ortiq xalqaro IT kompaniyalarni qamrab olgan nufuzli tashkilot bo‘lib, raqamli iqtisodiyot va yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.



