“Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!”
2026-03-21 10:15:00 / Yangiliklar

Bahorning tarovati, yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z bayrami Guliston tumani mahallalarida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida keng va ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
Xususan, bugun “Terakzor” mahallasida tashkil etilgan bayram sayli xalqimizga xos mehr-oqibat, hamjihatlik va asrlar osha sayqallanib kelayotgan milliy urf-odatlarimizning yorqin namunasiga aylandi.
Mahalla ahli faol ishtirok etgan ushbu shodiyonada milliy o‘yinlar, kuy-qo‘shiqlar va rang-barang konsert dasturlari barchaga chinakam bayramona kayfiyat ulashdi. Tadbirda Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev hamda mahalla nuroniylari ishtirok etib, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash muhitida aholi bilan samimiy muloqot qildilar va barchani kirib kelgan Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etdilar.
Bayramning eng e’tiborli jihatlaridan biri — yaqinda o‘tkazilgan tashabbusli budjet loyihasining joriy yil 1-mavsumida “Terakzor” mahallasi aholisi nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida ham eng koʻp 5 ming 562 ta ovoz to‘plab g‘olib bo‘lgani bo‘ldi. Ushbu yutuq bayramga alohida shukuh bag‘ishlab, uni chinakam qo‘shaloq bayramga aylantirdi. Shu munosabat bilan mahalla ahli tomonidan yozilgan dasturxonlar, samimiy tilaklar va quvonchli kayfiyat tadbirga o‘zgacha ruh baxsh etdi.
Bayram tantanalari konsert dasturi bilan davom etdi. Unda tuman madaniyat xodimlari va jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.









