Yoshlar uchun barpo etilayotgan zamonaviy maskan faoliyati o‘rganildi
2026-03-10 16:35:00 / Yangiliklar

Ayni paytda Guliston tumani markazida bunyod etilayotgan zamonaviy Yoshlar markazi hududdagi yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarning muhim namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jumladan, bugun Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev Guliston tumaniga tashrif buyurib, ushbu markaz binosida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida binoning bugungi holati, amalga oshirilayotgan qurilish jarayonlari hamda loyiha doirasida rejalashtirilgan zamonaviy yechimlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirishda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev ham ishtirok etib, markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, infratuzilma imkoniyatlari hamda yoshlar uchun yaratiladigan qulay sharoitlar bilan tanishdi. Mazkur markazda turli to‘garaklar, o‘quv mashg‘ulotlari, treninglar tashkil etish, shuningdek, yoshlarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tashrif yakunida qurilish ishlarini sifatli hamda belgilangan muddatlarda yakunlash, Yoshlar markazini hudud yoshlari uchun zamonaviy, qulay va faol maskanga aylantirish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.


