Guliston tumanida korrupsiyani oldini olishga bag'sihlangan yig'ilish o'tkazildi
2026-03-03 10:00:00 / Yangiliklar

Bugun Guliston tuman hokimligida tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev boshchiligida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda hokim o‘rinbosarlari, ijro apparati xodimlari hamda tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Shuningdek, ayrim davlat organlari, jumladan, mahalliy hokimiyat tizimida mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishi kabi salbiy holatlar yuzasidan maʼlumotlar keltirildi.
Tadbirda bunday illatlar har bir hokimlik xodimi va tashkilot rahbarlari uchun “ogohlik qo‘ng‘irog‘i” ekani taʼkidlandi. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga keskin qarshi kurashish, yuklatilgan vazifalarni halollik bilan bajarish, tanish-bilishchilik, manfaatlar to‘qnashuvi, masʼuliyatsizlik va tamagirlikka mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, davlat xizmatchilaridan kasb etikasi va odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilish, zimmasidagi masʼuliyatni halol va vijdonan bajarish talab etilishi alohida urg‘u bilan eslatib o‘tildi.





