Guliston tumanida zamonaviy kanalizatsiya tizimi barpo etiladi
2026-01-29 18:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-sentabrdagi 486-son qaroriga muvofiq, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida ishlab chiqilgan loyiha doirasida Guliston tumani markazida zamonaviy kanalizatsiya tizimini barpo etish rejalashtirilmoqda. Mazkur loyiha Jahon bankining 7,5 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bugungi kunda ushbu loyiha bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasining “Aim Texas Trading, LLC” (AIMONG) kompaniyasi bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolangan. Shartnomaga asosan, tuman hududida 36 ming 415 kilometr uzunlikdagi kanalizatsiya tarmog‘i, 4 ta yer osti nasos stansiyasi hamda 1 ta oqova suvlarni tozalash inshooti qurilishi ko‘zda tutilgan.
Bugun Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev Xitoyning yirik kompaniyasi rahbari bilan mazkur loyiha yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida qurilish ishlarining bosqichlari, moliyalashtirish masalalari va loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish, qurilish jarayonida ekologik talablarga qat’iy rioya etish hamda aholi uchun qulay va ishonchli infratuzilmani yaratishga kelishib oldilar.



