Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev Xitoy Xalq Respublikasining “Haid International Holdings Limited” kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi.
2026-01-12 20:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari, xususan, Guliston tumanida baliqchilik sohasini intensiv usulda tashkil etish va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, gektariga yiliga 150 tonnadan ortiq baliq yetishtirishga mo‘ljallangan investitsion loyihani amalga oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqot yakunida xitoylik investorlar baliqchilik faoliyati tashkil etilishi rejalashtirilgan hududlarga joyiga chiqib tanishtirildi. Tanishuv jarayonida loyiha doirasida barpo etilishi ko‘zda tutilgan infratuzilma obyektlari, ishlab chiqarish quvvatlari hamda kelgusidagi rivojlanish imkoniyatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, uchrashuvlar davomida tomonlar o‘rtasida dastlabki kelishuvlarga erishilib, mazkur loyiha orqali hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda tuman investitsion jozibadorligini yanada oshirish ko‘zda tutilgani alohida qayd etildi.


