Xotin-qizlar faollari faoliyati e’tirof etildi
2025-12-30 14:00:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami munosabati bilan Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev mahallalarda samarali faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari bilan uchrashib, ularni samimiy tabrikladi. Tadbirda xotin-qizlarning mahalla hayotidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani, ularning ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, aholi bilan tizimli ishlash hamda oilalar farovonligini ta’minlash yo‘lidagi fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida tuman hokimi xotin-qizlar faollari jamiyatdagi barqarorlik, ijtimoiy hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda muhim kuch ekanini ta’kidlab, ularning tashabbuskorligi va mas’uliyatli faoliyati ko‘plab oilalar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘layotganini qayd etdi.
Shuningdek, tadbir doirasida yangi yil bayram sovg‘alari topshirilib, namunali faoliyati bilan ajralib turgan xotin-qizlar faollariga tashakkurnomalar taqdim etildi hamda ularning mehnatiga chuqur minnatdorlik bildirildi.
Tadbir yakunida kirib kelayotgan 2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da oldinda turgan vazifalar yanada mas’uliyatli ekani ta’kidlanib, xotin-qizlar faollari yangi g‘oya va tashabbuslar bilan mahalla taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga chorladi.






