Yoshlar bandligi va tashabbuslari doimiy e’tiborda
2025-12-23 17:10:00 / Yangiliklar

Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida bugun Guliston tumani hokimligida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev ishtirok etib, bitiruvchi yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi.
Yuzma-yuz uchrashuvlar davomida 25 nafardan ziyod bitiruvchi yoshlar qatnashib, o‘zlarini qiynab kelayotgan muammo va takliflarini ochiq-oydin bayon etdilar. Xususan, oliy ta’lim muassasalarini tamomlab, hozirda ish bilan band bo‘lmagan yoshlarni doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot yakunida aniq natijalarga erishildi. Jumladan, uchrashuvda ishtirok etgan 10 nafar bitiruvchi yoshlar tumandagi turli tashkilot va muassasalarga ish o‘rganuvchi sifatida ishga qabul qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga qiziqish bildirgan hamda o‘z biznes loyihalariga ega bo‘lgan yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish masalalari belgilab olindi.
Mazkur uchrashuv yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan amaliy qadam bo‘ldi.






