Guliston tumanida korrupsiyaga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi
2025-09-19 12:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-71-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Guliston tumanida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan tadbirda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi tizimli kurashish, ayniqsa maishiy korrupsiyaga barham berish hamda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Pokiza Axmedjanova, viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Rashid Kuranbayev, Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev hamda viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Kun tartibida tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan mutasaddi tashkilotlarning hisobotlari tinglanib, amaliy vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurash – bu nafaqat davlat idoralari, balki butun jamiyatning burchi bo‘lib, uning samaradorligi aholining faol fuqarolik pozitsiyasiga ham bevosita bog‘liqdir.



