Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik: elektr ta'minoti barqarorligi
2026-10-08 19:30:00 / Yangiliklar

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali tomonidan Sirdaryo viloyatida 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Mukammal ta’mirlash doirasida 0,4–10 kV elektr tarmoqlarining 996,2 km qismi hamda 367 ta transformator punkti ta’mirlandi. Joriy ta’mirlash ishlari esa 1 775 km elektr tarmoqlari va 782 ta transformator punktida amalga oshirildi. Tezkor chiqish brigadalari shay holatda.
Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 30 ta tezkor chiqish brigadasi tashkil etilib, ularga 140 nafar xodim biriktirildi.
Brigadalar ixtiyoriga 31 ta avtomashina, 14 ta maxsus texnika biriktirilib, zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
Yuzaga kelishi mumkin bo’lgan avariya va nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish uchun zarur elektr jihozlari hamda materiallar zaxirasi yaratildi.
«Ko‘rilayotgan barcha choralar iste’molchilarni kuz-qish mavsumida ishonchli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish hamda elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olishga qaratilgan», - «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo hududiy filiali.





