Mehnat yarmarkasi: 500 dan ortiq bo'sh ish o'rni va ilk imkoniyatlar
2026-10-06 16:05:00 / Yangiliklar

Guliston shahridagi “Kelajak” markazida Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan yoshlar mehnat yarmarkasi chinakam imkoniyatlar maydoniga aylandi.
Mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish va farovon kelajakka ega bo‘lishni istagan ishsiz yoshlar uchun bu yerda barcha sharoitlar yaratildi. Davlatimiz rahbarining yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi topshiriqlari ijrosi doirasida o'tkazilgan tadbirda 30 dan ortiq yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari hamda xususiy tadbirkorlar o‘zlarining 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.
Yarmarkaga tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq yoshlardan 30 nafari o‘z hayotida ilk bor mehnat shartnomalarini imzolab, mustaqil faoliyatga qadam qo‘ydi.
Shuningdek, yarmarka doirasida yirik ishlab chiqarish korxonalariga uyushtirilgan ekskursiyalar chog‘ida yoshlar bevosita ish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi. Bu kabi namunali tashabbuslar viloyatimizning barcha hududlarida izchil davom ettiriladi.

