Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida
2026-09-09 23:05:00 / Matbuot anjumanlari

Guliston shahri hokimligida «Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Guliston shahri IIB boshlig’i Jasur Saibov tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida maʼlumot berildi.
Bugungi kunda mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Jinoyatchilikning oldini olishda, avvalo, har bir mahalladagi ijtimoiy muhitni chuqur o‘rganish, muammoli oilalar, nazoratsiz va tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlar, ishsiz yoshlar, nizoli oilalar hamda huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli profilaktik ishlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahallalarda profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari va boshqa mas’ul tashkilotlar hamkorligida xonadonbay o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Ayniqsa, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Oilaviy nizolarni hal etish, ishsiz fuqarolarni bandligini ta’minlash, yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, mahallalarda profilaktik tadbirlar, huquqiy targ‘ibot ishlari, aholi bilan ochiq muloqotlar va uchrashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda. Fuqarolarga huquq va majburiyatlari tushuntirilib, jinoyatchilikning oqibatlari, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida ularning oilaviy sharoiti, ta’lim olishi va bo‘sh vaqtlarini o‘tkazishi muntazam nazoratga olinmoqda. Yoshlarni sport, madaniyat, ta’lim va kasb-hunarga jalb qilish orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan ishlar kuchaytirilmoqda.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, oilaviy-maishiy nizolarning oldini olish ham profilaktik ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Nizoli oilalar bilan individual ishlash, ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
Mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududlardagi ko‘cha va jamoat joylarida profilaktik nazorat kuchaytirilib, huquqbuzarlikka moyil hududlar va vaqtlar tahlil qilinmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda choralar belgilanmoqda.
Eng muhimi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Shu bois mahalla fuqarolarining faolligi, jamoatchilik nazorati va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kelgusida ham har bir mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, xavfsiz muhitni ta’minlash, aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va ularni hal etishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Maqsadimiz — har bir mahallada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda jinoyatchilikdan xoli, xavfsiz muhitni shakllantirishdir.





