Guliston shahrida yoshlar masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi
2026-07-14 20:35:00 / Yangiliklar

Guliston shahrida yoshlarning bandligini ta'minlash, ularni doimiy ish bilan ta'minlash orqali daromad manbalarini yaratish, yoshlar o'rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda yoshlar uchun zarur ijtimoiy, ma'naviy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Tadbir davomida yoshlar bandligini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kasb-hunarga o'qitish, tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kreditlar va subsidiya asosida o'z biznesini yo'lga qo'yish imkoniyatlari, shuningdek, "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shuningdek, yoshlar o'rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlar sabablari muhokama qilinib, ularning oldini olish bo'yicha profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, uyushmagan yoshlarni aniqlash, ularni sport, madaniyat va ma'rifiy tadbirlarga keng jalb etish, bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan mas'ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig'ilishda har bir mahalladagi yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, bandligini ta'minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo'llab-quvvatlash hamda jinoyatchilikka moyil bo'lgan yoshlar bilan individual profilaktik ishlarni kuchaytirish zarurligi alohida ta'kidlandi.
Shu bilan birga, yoshlar o'rtasida vatanparvarlik tuyg'usini mustahkamlash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, zamonaviy kasb va hunarlarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish yuzasidan amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig'ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilanib, ularning ijrosini qat'iy nazoratga olish bo'yicha mas'ullar belgilandi. Ta'kidlanganidek, yoshlarning bandligini ta'minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish bundan buyon ham ustuvor yo'nalishlardan biri bo'lib qoladi.


