Ochiqlik va shaffoflik – korrupsiyaga qarshi samarali vosita
2026-07-14 18:10:00 / Yangiliklar

Mudofaa ishlari bo‘limi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash korrupsiyaning oldini olishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Qonuniylik, xolislik va hisobdorlik tamoyillariga amal qilinishi fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, xizmat vazifalarining samarali bajarilishiga xizmat qiladi. Shu maqsadda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik izchil yo‘lga qo‘yilgan.
Yaqinda Guliston shahar mudofaa ishlari bo‘limida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Shahar va viloyat gazetalari taxririyatlari vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda kun tartibidagi «Budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi», «Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash – korrupsiyaning oldini olish omili», «Ish o‘rinlari va daromadlar: aholi farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar», «Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar va yangi yondashuvlar» mavzulari yuzasidan ma’ruza qilindi.
Shungidek, anjumanda joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, qabul kunlari va amaldagi meyoriy-huquqiy hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida e’lon qilish, murojaatlarni xolis ko‘rib chiqish, qaror qabul qilishda inson omilini kamaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ichki nazorat tizimini takomillashtirishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Anjumanda huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, profilaktik tadbirlar o‘tkazish, xizmat odobi va kasbiy etika qoidalariga qat’iy rioya qilish har bir xodimning asosiy burchi ekani ta’kidlandi.
