Guliston shahrida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligi oshmoqda
2026-07-13 16:20:00 / Yangiliklar

Guliston shahrida aholini ijtimoiy himoya qilish, ijtimoiy xizmatlarni manzilli tashkil etish hamda fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Guliston shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ijtimoiy xatarlarni aniqlash, fuqarolarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish va ularga doimiy hamrohlik qilish mexanizmini yo‘lga qo‘ygan.
Bugungi kunda shaharda istiqomat qilayotgan 103 ming nafar aholining qariyb 10 ming nafari turli ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Amalga oshirilayotgan ishlar aholining ijtimoiy ehtiyojlarini erta aniqlash va manzilli qo‘llab-quvvatlash imkonini bermoqda.
Daromadi past aholi manzilli qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘rganishlar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy xatar mavjud bo‘lgan 2 157 nafar daromadi past fuqaro hamda 5 nafar uysiz shaxs aniqlandi. Ilgari ijtimoiy reyestrga kiritilmagan 74 ta muhtoj oila reyestrga kiritilib, 61 tasiga bolalar nafaqasi tayinlandi. Shuningdek, ushbu oilalar farzandlarining 101 nafari maktabgacha taʼlim muassasalariga, 41 nafari esa turli to‘garaklarga jalb etildi.
Kompleks yondashuv asosida “Inson” markazi tomonidan tegishli tashkilotlarga yuborilgan talabnomalar natijasida 13 ta oilaga imtiyozli kreditlar ajratildi, 8 ta oila quyosh panellari va ko‘chma savdo do‘konlari bilan taʼminlandi, 14 ta xonadon "yashil taʼmir" dasturi asosida taʼmirlandi. Eng muhimi, 1,1 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, ularning 125 tasida jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 1,5 million so‘mdan oshdi.
Tibbiy-ijtimoiy hizmatlar ko‘lami kengaymoqda
Shaharda ijtimoiy-tibbiy xatarga ega bo‘lgan yuzlab fuqarolar aniqlanib, ularga zarur xizmatlar tashkil etildi. Joriy yilda 938 nafar fuqaroga nogironlik guruhi belgilangan bo‘lsa, shundan 191 nafarini bolalar tashkil etadi. Yangi tartib asosida 96 nafar fuqaroga nogironlik muddatsiz belgilandi.
Shu bilan birga, 33 nafar shaxs reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olindi, 148 nafar fuqaro protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi. Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 4 ta mahallada kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilib, 55 nafar bola mazkur xizmatlardan foydalanmoqda. "Faol hayotga qadam" dasturi doirasida esa 71 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs qarab turish xizmati bilan qamrab olindi.
Bandlik va sport tashkilotlari bilan hamkorlikda 155 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ish bilan taʼminlandi, 274 nafari adaptiv sport turlariga jalb etildi.
Bolalar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa
Oilaviy xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga huquqiy, psixologik hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish doirasida shahardagi 13 ta umumtaʼlim maktabida to‘siqsiz muhit va korreksion xonalar tashkil etildi. Buning natijasida inklyuziv sinflar soni 30 tadan 33 taga, mazkur sinflarda taʼlim olayotgan bolalar soni esa 32 nafardan 42 nafarga yetdi.
Shuningdek, “Inson” markazi tomonidan 412 nafar bolaga vasiylik va homiylik belgilandi, 71 nafar bola "Yoshlarga hamrohlik" dasturiga jalb qilindi, 17 nafar yosh oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga imtiyozli ravishda qabul qilindi. Oxirgi uch yil davomida deinstitutsiyalashuv siyosati natijasida 49 nafar bola maxsus maktablardan inklyuziv taʼlim tizimiga o‘tkazildi.
Jamiyatga moslashish va ijtimoiy hamrohlik ishlari davom etmoqda
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan hamda jamiyatga qayta moslashishga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash ishlari ham tizimli ravishda olib borilmoqda. 43 nafar fuqaroga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilib, huquqiy va psixologik xizmatlar tashkil etildi.
Shuningdek, homiylar ko‘magida ehtiyojmand fuqarolarga moddiy yordamlar ajratilib, ularning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
Guliston shahrida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar aholining ehtiyojlarini o‘z vaqtida aniqlash, ijtimoiy xizmatlarni manzilli tashkil etish hamda inson qadrini ulug‘lash tamoyilini hayotga izchil tatbiq etishga xizmat qilmoqda. Kelgusida ham davlat idoralari, mahallalar va hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash orqali ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Sirdaryo viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati.




