Sirdaryo delegatsiyasi Honkongda: yirik sanoat hamkorligi muhokamada
2026-04-02 21:35:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Honkong sanoatchilar federatsiyasida uchrashuv o‘tkazdi.
Federatsiyada o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlari izchil kengayib, barcha sohalarda faol rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati mazkur ijobiy jarayonlarni amaliy mazmun bilan boyitish, ya’ni hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda Honkongning global moliyaviy markaz sifatidagi o‘rni va federatsiyaning sanoat hamda innovatsiyalarni rivojlantirishdagi tajribasi alohida e’tirof etildi.
Shundan kelib chiqib, federatsiyaga a’zo bo‘lgan sanoat, texnologiya, logistika, eksport va innovatsiya sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarni Sirdaryo viloyatiga jalb etish taklifi ilgari surildi.



