Qashqadaryo viloyatida Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev hamda Qashqadaryo viloyati hokimi M.B.Azimov boshchiligida ushbu o‘quv mashqlari joyidan nazorat qilib borildi.
2024-11-02 15:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga muvofiq, “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining Qashqadaryo viloyati hududiy va funksional quyi tizimlari boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarining aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi.
Dastlab viloyat mexanizatsiyalashtirilgan yig‘ma otryadining saf ko‘rigi o‘tkazilib, FVDT xizmatlarining kuch va vositalari ko‘zdan kechirildi. Jarayonda Qarshi shahridagi Boshqaruv servis kompaniyalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham o‘rganildi.
Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyati hududida energetika va kommunal soha obyektlarining 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, mavsum davomida issiqlik va energetika tarmoqlarini barqaror ishlashi, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yirik avariyalarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy harakatlar sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, jarayonda aholini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda talafotlarni oldini olish, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini qutqaruv ishlari hamda kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarni bajarish, fuqaro muhofazasi sohasi tayyorgarligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘quv mashqlari Qashqadaryo viloyati hududidagi energetika va kommunal sohaning 17 ta obyektlaridagi 42 ta o‘quv nuqtasida o‘tkazildi.