Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Shtab boshlig‘i polkovnik S.T.Zuparov va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Akiko Fuji xonim ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi
2024-10-24 16:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 24-oktyabr kuni Fuqaro muhofazasi institutida “O‘zbekiston jamoalarining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan xavfli tabiiy hodisalarga chidamlilikni oshirish uchun kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish qo‘shma loyihasi” doirasida BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda qo‘shma tadbir o‘tkazildi.
Unda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari, Fuqaro muhofazasi instituti xodimlari, BMT Taraqqiyot dasturi loyihasining mas’ul xodimlari, maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari ishtirok etdi.
“Barqaror kelajakni ta’minlash uchun keyingi avlod imkoniyatlarini kengaytirish” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirning maqsadi, bolalarning tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohasidagi bilimlarini shakllantirish va tabiiy ofatlar sharoitida to‘g‘ri harakat qilishga tayyorgarligini oshirish, hayot xavfsizligini ta’minlash va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish masalalariga jamoatchilik, ayniqsa yosh avlodning e’tiborini jalb qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Favqulodda vaziyatlar simulyatsiya markazi, zilzilalar tarixi muzeyiga tashrif buyurib, u yerdagi zamonaviy tarzda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, Favqulodda vaziyatlar vazirligining avariya-qutqaruv, yong‘in va boshqa texnik jihozlari, shuningdek, vazirlik Kinologiya xizmatini jalb qilgan holda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar namoyish etildi.